Magistratura bo'limi tarixi va faoliyati

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da belgilangani kabi, oliy ta’lim ikki bosqichga: davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar bilan dalillanuvchi bakalavriat va magistraturaga ega. 

Institutda magistratura 1998 yildan boshlab faoliyat yuritadi. Bu yillar davomida bo‘limni etakchi fan nomzodlari, dotsentlar Turdimatov O.S., Nurmuxamedov T.R., Karimova F.F.  va D.B. Eshmamatovalar boshqarib kelishgan, 2006 yil bo‘lim tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha fakultetlarga  tarqatib yuborildi. Institut rektorining 131-U buyrug‘i bilan 2008 yil  1 noyabrdan boshlab bo‘lim qayta o‘z faoliyatini yuritmoqda. Hozirgi kunda bo‘lim boshlig‘i texnika fanlari nomzodi, dotsent S.S. Shaumarov hisoblanadi. 

Yuqoridagi huquqiy hujjatlardan kelib chiqib, institut temir yo‘l transporti va transport qurilishi sohasi uchun bakalavriatning 18 ta ta’lim yo‘nalishi va magistratura bosqichining 14 ta mutaxassisligi faoliyat yuritmoqda.

  • 5A230102 - Iqtisodiyot (temir yo‘l transportida)
  • 5A310201 - Elektr ta’minoti (temir yo‘l transport)
  • 5A310603 - Temir yo‘l transporti  (lokomotivlar, vagonlar)
  • 5A310704 - Elektr texnik majmualar va tizimlar (temir yo‘l transporti)
  • 5A311002 - Temir yo‘l transportida avtomatika va telemexanika
  • 5A340201 - Bino va inshootlar qurilish (transport bino va inshootlar)
  • 5A340203 - Infratuzilma ob’ektlarini qurish (temir yo‘l)
  • 5A340205 - Ko‘priklar, tonnellar va metropoliten qurilishi (ko‘priklar, tonnellar)
  • 5A340401 - Suv ta’minoti, kanalizatsiya, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish
  • 5A340601 - Temir yo‘ldan foydalanish va temir yo‘l xo‘jaligi 
  • 5A340602 - Transport inshootlari ekspluatatsiyasi (ko‘priklar va tonnellar)
  • 5A350102 - Axborot uzatish qurilmalari va tizimlari
  • 5A620101 - Tashishni tashkil etish va transport logistikasi (temir yo‘l transporti)

Institut o‘z faoliyati davomida 60 mingdan ortiq yuqori malakali kadrlar, jumladan, mustaqillik yillarida olti mingga yaqin bakalavr va mingdan ortiq magistrlar tayyorladi. Bitiruvchi magistrantlar asosan respublikamizning temir yo‘l transporti va transport qurilishi sohasida ishlab kelmoqdalar.

Magistrantlarimiz respublika temir yo‘l sohasini rivojlantirish va modernizatsiyalashga qaratilgan Kompleks dasturni amalga oshirishda, shu asnoda yuqori xalqaro talab va standartlarga javob beradigan samarali ko‘p maqsadli infratuzulmaga ega bo‘lgan zamonaviy, tarmoqlangan yaxlit temir yo‘llarni bosqichma-bosqich tashkillashtirishda faol ishtirok etmoqdalar. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning dolzarb muammolarini hal etish maqsadida ToshTYMI har yili tuzilajak xo‘jalik shartnomalarini doirasida umumiy qiymati 1 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi amaliy, fundamental va innovatsion loyihalarni bajaradi. Institut olimlari transafg‘on transport karidorini dastlabki “Hayraton – Mozori Sharif” uchastkasini loyihalashtirishda, uning bitiruvchi magistrlari esa, qurilishida faol ishtirok etdilar. Toshkent-Samarqand temir yo‘l uchastkasida yuqori tezlikda yuradigan poezdlar harakatini loyihalashtirish va uni qurishda ham institut mutaxassislari muhim o‘rin tutdilar. Magistrantlar yangi “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on”, “Navoiy-Uchquduq-Sulton Uvays tog‘i-Nukus” temir yo‘l liniyalarining loyihalashtirish, qurish va foydalanish ishlarida bevosita ishtirok etib, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” DK, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” OAJ, “Andijon mexanika zavodi” ShK kabi yo‘lovchi va yuk vagonlarini qurish, lokomotivlar, yo‘lovchi va yuk vagonlarini modernizatsiyalash va ularning xizmat muddatini uzaytirish masalalari bilan shug‘ullanadigan boshqa korxonalarda faoliyat yuritmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 21 dekabrda “Infratuzilma, transport va kommunikatsion qurilishni 2011-2015 yillarda rivojlantirishni jadallashtirish haqida”gi PP-1446-sonli qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan “2011-2015 yillarda temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish va modernizatsiyalashning kompleks dasturi” 2011-2015 yillarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning qurilish, modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha quyidagi investitsiya loyihalarini o‘z ichiga oladi:

  • Elektrlashtirilgan ikki yo‘lli Yangier – Dashtobod temir yo‘l liniyasi, Dashtobod – Jizzax-I ikkinchi temir yo‘lining qurilishi va bir yo‘lli elektrlashtirilgan Yangier – Farhod temir yo‘l liniyasi qurilishi. 
  • Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvays tog‘ – Nukus yangi temir yo‘l liniyasida infratuzilma ob’ektlari qurilishini tugallash, 
  • Temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish: Maroqand - Qarshi, Maroqand – Buxoro, Qarshi – Termiz.

Lokomotivlar parkini yangilash:

  • Yuk elektrovozlarining 10 ta sektsiyasini xarid qilish.
  • «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» UK da lokomotivlarni modernizatsiyalash va qayta tiklash.
  • Chuqursoy stantsiyasini rivojlantirish. Saralash tepaligini avtomatlashtirish.
  • 1030 km uzunlikdagi temir yo‘lni tiklash.
  • Navoiy  Logistika markazini rivojlantirish.
  • Angren Xalqaro Logistika markazini rivojlantirish.

Kompleks dasturdan kutilayotgan natijalar ko‘lami juda keng bo‘lib, kelgusida rejalashtirilayotgan loyihalardan poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, yuklarni etkazib berish muddatini qisqartirish, tashilayotgan yuklar butligini ta’minlash, liniyalarda o‘tkazish imkoniyatlarini oshirish, mahalliy va xalqaro aloqalarda tashilayotgan yuklar hajmining o‘sishiga erishish, Navoiy logistika markazi hamda erkin industrial-iqtisodiyot hududi ishtirokida yuklarning intermodal tashilishini ta’minlash, dizelь yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojning kamayishi natijasida mablag‘ni tejash, poezdlar harakat tezligini oshirish hisobiga iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, temir yo‘l transportining atrof muhitga ko‘rsatadigan zararli ta’sirini  kamaytirish,  lokomotivlar xizmat muddatini uzaytirish, poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash,  ishchi holatidagi lokomotivlar sonini ko‘paytirish, havoga chiqindi chiqarishni kamaytirish hisobiga ekologiyani yaxshilash, ekspluatatsiya xarajatlarining kamaytirish kabi natijalar kutilmoqda.

2016  yil 22 iyun kuni poytaxtimizdagi "O’zekspomarkazda" "Angren-Pop" elektrlashtirilgan temir yo’li va mazkur ulkan loyiha doirasida qurilgan tunnelning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.  “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi raisi Yuy Baolin va “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo’lning foydalanishga topshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Qamchiq dovoni bo’ylab, uzunligi 123,1 kilometrni tashkil etadigan yangi temir yo’l hamda ushbu loyiha doirasida uzunligi 19,2 kilometrdan iborat bo’lgan temir yo’l tunneli qurildi. Mazkur ulkan qurilishni amalga oshirish maqsadida jami 1 milliard 633,7 mln. dollarlik mablag’ ajratilishi rejalashtirilgan bo’lib, bugungi kunda tunneldan tashqari ishlarni amalga oshirish uchun jami 810 mln. AQSh dolarlik mablag’ o’zlashtirildi.

"O’zbekiston temir yo’llari" AJ bilan Xitoy Xalq Respublikasining "China Railway Tunnel Group" kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan tunnel qurilishiga yo’naltirilgan 455 mln. dollarlik mablag’ to’liq o’zlashtirildi. Mazkur tunnel, dunyo reytingida shu kabi tunnellar ro’yxatida murakkabligi bo’yicha sakkizinchi o’rinni egallaydi.

"Angren – Pop" elektrlashtirilgan temir yo’li Farg’ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning qolgan xududlari bilan bog’lab, yurtimizda yagona milliy temir yo’l tizimini yaratish borasidagi rejalarni to’liq amalga oshirishga zamin yaratdi. Tahlillarga ko’ra ushbu temir yo’lning foydalanishga topshirilishi yiliga 10 mln.tonna xalq xo’jaligi yuklarini tashish, dastlabki yilda esa 600 ming yo’lovchiga xizmat ko’rsatish imkoni yaratadi. 

Shu bilan birga “Xitoy – Markaziy Osiyo – Evropa” yangi xalqaro tranzit temir yo’l koridorining eng muhim bo’g’ini bo’lib, mamlakatimiz iqtisodiyotini bundanda rivojlantirishga xizmat qiladi.