Iqtisodiyot fakulteti tarixi va faoliyati

Iqtisodiyot fakulteti – eng yosh fakultet bo‘lib, 1965 yilda tashkil topgan.

Bugungi kunda fakultetda tarkibida oltita kafedra muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning uchtasi “Iqtisodiyot va menejment”, “Buxgalteriya hisobi va audit” va “Temir yo‘l transportida axborot tizimlari” kafedralari ixtisoslashgan-mutaxassis tayyorlovchi kafedra bo‘lib, qolgan uchtasi, ijtimoiy yo‘nalishdagi “Iqtisodiyot nazariyasi, tarix va huquq”, “Falsafa va siyosatshunoslik” va “Tillar” kafedralaridir.

Mazkur kafedralarda 80 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 57 foizdan ko‘prog‘ini ilmiy unvon va darajaga ega, etuk pedagog-olimlar tashkil etadi.

Fakultet respublikamiz temir yo‘l transporti va iqtisodiyotning boshqa sohalari uchun to‘rt yo‘nalish “Iqtisodiyot”, “Menejment” va “Buxgalteriya hisobi va audit”, “Informatika va informatsion texnologiyalar” bo‘yicha bakalavrlar va ikki mutaxassislik “Tarmoq iqtisodiyoti” va “Buxgalteriya hisobi” bo‘yicha magistrlar tayyorlab kelmoqda. 

Tahsil olayotgan talabalar soni 500 nafarga yaqin. 

O‘tgan yillar davomida Fakultet  tomonidan 10 ming nafarga yaqin iqtisodiyot va boshqaruv, moliya va buxgalterlik hisobi, transport qurilishi, moddiy-texnik ta’minot va mehnat iqtisodiyoti, transport ishini tashkil etish va rejalashtirish, yangi informatsion texnologiyalarni loyihalashtirish, yaratish va foydalanish sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlandi.

Fakultet jamoasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun etuk mutaxassislar tayyorlashdan tashqari, Kompaniyaning Moliya va buxgalterlik hisobi, Iqtisodiyot va prognozlashtirish, Lokomotivlardan foydalanish, Vagon xo‘jaligi va boshqarmalari, Axborot hisoblash markazi, shuningdek yirik ishlab chiqarish korxonalari “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UK, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni ta’mirlash va qurish zavodi” AJ, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va boshqa qator tizim birliklari bilan ilmiy-izlanishlar yo‘nalishida ham keng qamrovli aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, bu aloqalar doirasida etakchi professor-o‘qituvchilar tomonidan mazkur tizimlar faoliyatiga taalluqli ishlab chiqarishga xos iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan ikki tomonlama manfaatli ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, mazkur tizim birliklari buyurtmalariga muvofiq, amaliy, fundamental va innovatsion yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borilmoqdaki, bu ilmiy ishlar mazkur tizimlar ishini tashkil etishni yanana takomillashuviga, ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini, faoliyati moliyaviy natijalarini yanada yaxshilanishiga olib kelmoqda.

Fakultet  professor-o‘qituvchilari va talabalari xo‘jalik yuritishning yangicha sharoitida temir yo‘l transporti resurslarini oqilona va samarali boshqarish, temir yo‘l transporti infratuzilma xarajatlarini baholash kabi yangi yo‘nalishlar hisobiga o‘z ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirmoqdalar, qamrovi va ko‘lamini kengaytirmoqdalar. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan berilayotgan moliyaviy ko‘mak evaziga, Fakultet  tasarrufidagi o‘quv-laboratoriyalar zamonaviy tarzda jihozlanmoqda va xar tomonlama mutaxassislar tayyorlashga qo‘yiladigan barcha talablarga javob beradigan darajaga keltirilmoqda.

Xozirda Fakultet  professor-o‘qituvchilarining asosiy diqqat e’tibori, iqtisodiyot va boshqaruv, moliya va buxgalteriya hisobi, audit, informatsion tizimlar va texnologiyalar yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlanayotgan mutaxassislar “sifati”ni yanada yaxshilashga qaratilgan.

Buning uchun Fakultet da talabalar o‘rganadigan 80dan ziyod fanlar uchun ma’ruza matnlari, o‘quv va ishchi dasturlar, amaliyot mashg‘ulotlari, kurs loyiha ishlari, barcha turdagi amaliyotlar, malakaviy bitiruv ishlari va magisterlik dissertatsiyalari uchun uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan.

O‘quv jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interaktiv ta’lim usullardan keng foydalanilmoqda. Mustaqil va kurs loyiha ishlari, bitiruv malakaviy ishlarni bajarishda informatsion texnologiya vositalaridan keng foydalanib kelinmoqda.

Fakultet  faoliyati yagona maqsadga, temir yo‘l transporti uchun yetuk iqtisodiy va moliyaviy kadrlar tayyorlash markazi bo‘lish va sohaning mehnat bozorini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga qaratilgan.