Elektromexanika fakelteti tarixi va faoliyati

1931 yili institutga ilk talabalar – parovozchilar tayyorlash maqsadida, 1932 yili esa yana bir guruhga qo‘shimcha ravishda talabalar qabul qilinishi mexanika bo‘limining tashkil topishiga asos bo‘ldi. Bo‘lim 1933 yildan mexanika Fakulteti nomini oldi. 1989 yili kadrlar tayyorlashdagi o‘zgarishlarni hisobiga u Elektromexanika Fakulteti deb qayta nomlandi.

Fakultet tarkibida beshta kafedralari mavjud:

  • Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi (kafedra mudiri Kamalov I.S..)
  • Vagonlar va vagon xo‘jaligi (kafedra mudiri t.f.n. Raximov  R.V.)
  • Elektr transporti va yuqori tezlikdagi harakat tarkibi(kafedra mudiri t.f.n., dots. Berdiev U.T.)
  • Temir yo‘llar elektr ta’minoti (kafedra mudiri t.f.n., prof., Amirov S.F.)
  • Fizika (kafedra mudiri t.f.n., dots., Mirsalixov B.A.)

Fakultetning professor-o‘qituvchilari tarkibi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmalariga ko‘ra, shuningdek turli grantlar asosida bajarilayotgan samarali ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Deyarli barcha ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarishga tatbiq etilgan. Fakultetda ish olib borayotgan o‘qituvchilarning uslubiy faoliyati o‘quv jarayonini takomillashtirish va ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar sifatini yaxshilashga qaratilgan.

O‘quv jarayonida ta’limning interfaol uslublari keng qo‘llanilmoqda: mojaroli (konfliktli) va ishlab chiqarish vaziyatlarini ko‘rib chiqish, amaliy masalalarni hal qilish, bahslar, munozaralar va h.k.

Ta’lim jarayonida talabalar uchun temir yo‘l kompaniyasining zamonaviy va ilg‘or korxonalarida (“O‘zbekiston” lokomotiv deposi, Chuqursoy, Toshkent, Xamza stantsiyalari, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” OAJ, “O‘ztemiryo‘lta’mirmash” UK va h.k.) mashg‘ulotlar uyushtiriladi.

Ta’lim sifatini oshirishdagi muhim elementlardan biri – Fakultet talabalarining “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Boshqarmalari, Markazlari, bo‘lim va bo‘linmalari rahbarlari hamda ishlab chiqarishning boshqa eng yuqori malakali mutaxassislarini o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etishdan iborat. Ular ichidan Lokomotivlardan foydalanish Boshqarmasi, Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘limi, Iqtisodiy tahlil va prognozlash Boshqarmasi, temir yo‘lchilar kasaba uyushmasi MK kabilarni alohida aytib o‘tish lozim. Fakultetning ko‘plab bitiruvchilari yuqori lavozimlarda ishlayotganligi ham ularning yuksak saviyasidan dalolat beradi. Ular orasida O.J.Ramatov - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqarmasining Raisi, A.S.Kamolov – O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va vakolatli elchisi, X.N.Hosilov - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi departamentining rahbari, N.S.Abdullaev - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ sanoat korxonalari boshqarmasi boshlig‘i, F.E.Mahamatov - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ strategik taraqqiyot boshqarmasi boshlig‘i, B.A.Baymanov - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasining boshlig‘i, A.A.Islomov - “O‘ztemiryo‘lta’mirmash” UK bosh direktori, E.A.Sanaqulov – quyuv-mexanika zavodining direktori, B.N.Meliboev – Andijon mexanika zavodining direktori, Sh.A.Po‘latov – “Toshkent mexanika zavodi” OAJ direktori, Yu.O.Haydarov - “Toshkent mexanika zavodi” OAJ bosh muhandisi, M.Zufarov – Toshkent shahar Faxriylar kengashi raisi, A.D.Glushenko – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, V.I.Kiselyov – t.f.d., professor, MIIT “Lokomotivlar” kafedrasining mudiri kabilar bor.

Ta’lim yo‘nalishlari

  • 5111000 – Kasb ta’limi (er usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi);
  • 5310600 – Er usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi (temir yo‘l transportida);
  • 5310700 – Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (temir yo‘l transportida);
  • 5310200 – Elektr energetika.

Mutaxassisliklar

  • 5A310201 – Elektr ta’minot (temir yo‘l transportida);
  • 5A310603 – Temir yo‘l transporti (lokomotivlar, vagonlar);
  • 5A310704 – Elektr texnik majmualar va tizimlar (temir yo‘l transportida).