Rektorning talabalarga so'zi

Aziz talabalar!

Siz o'zining boy an`anasi, tarixi, ta`lim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi o'rni bo'yicha Markaziy Osiyoda yetakchi hisoblangan Toshkent temir yo'l muhandislari institutiga o'qishga kirib, to'g'ri qaror qildingiz. Bu - siz va yaqinlaringiz uchun faxrlanishga arzigulik katta muvaffaqiyatdir. Yuqori malakali mutaxassis bo'lib yetishish, institutimiz an`analarini davom ettirish, hamda O'zbekiston temir yo'l transportini zamonaviylashtirish va rivojlantirishning ilmiy-texnik dasturini amalga oshirishda bevosita ishtirok etish uchun Sizda real imkoniyat paydo bo'ldi. 

Bu muhim vazifani muvafaqqiyatli yechish uchun ko'p narsani o'rganishingiz va o'z ustingizda tinimsiz ishlashingiz zarur. Shuningdek, Toshkent temir yo'l muhandislari institutining Ustavi, ichki tartib va odob-axloq qoidalariga so'zsiz amal qilishingiz kerak bo'ladi.

Institut talabasining madaniyati - uning jamiyatda tutgan o'rni va vazifasi, shuningdek, mamlakatning ichki va tashqi siyosatini qay darajada qo'llab-quvvatlashi, egallagan dunyoviy bilimlari va uni amaliyotda qo'llay olishidan kelib chiqadigan tushunchadir.

Institut talabasi fidoyi, halol, mard, jasur, to'g'riso'z, beg'araz, adolatparvar, yurt manfaatini o'z manfaatidan ustun qo'yuvchi va qonun ustuvorligini eng to'g'ri yo'l, deb biluvchidir. Buyuk sohibqiron Amir Temurning «Tuzuklar»ida bayon etilgan:

  • beg'arazlik,
  • o'zaro hurmat,
  • adolatparvarlik,
  • umum manfaatini hurmatlash,
  • dinni qadriyat sifatida e`zozlash,
  • haqiqatgo'ylik,
  • va`daga sodiqlik,
  • hasad va ochko'zlikni qoralash,
  • ma`naviy va jismoniy poklik,
  • imon va e`tiqod mustahkamligi,
  • ilm-fan homiylarini e`zozlash,
  • ikromiyat va rahimdillik kabi xislatlar Toshkent temir yo'l muhandislari instituti talabasi axloqining mezonidir. 

O'quv jarayonida talabalar o'zlarining bilimlarini namoyish etish bilan birgalikda, axloq va xulqlari ham yetukligini ko'rsatishlari lozim.