Eslatma va foydali maslahatlar

Siz har kuni o'qishga otlanayotib, birinchi navbatda nimalarga asosiy e`tiborni qaratishingiz zarur. Albatta, tashqi ko'rinishga. Xizmat kiyimingiz toza va dazmollangan bo'lishi kerak. Sochingiz kalta qilib olingan, taralgan va soqolingiz qirtishlangan bo'lishini doimo yodda saqlang. Chunki, ko'cha-kuyda hamda jamoat transportida Sizni ko'rgan fuqarolar faxrlansin. Sizga hamma havas bilan qarashining o'zi katta baho.

Xizmat kiyimidagi pogon, emblemalarini to'g'ri tiking. Xizmat kiyimini fuqarolik kiyimi bilan aralash kiyilishi qatiyan man etilishini unutmang.

Sizning yurish-turishingiz, xizmat kiyimini to'g'ri kiyishingiz va ozoda bo'lishingiz barcha talabalarga nisbatan hurmat-ehtirom va ishonchni ortishiga sabab bo'lishini unutmang!

O'qishga kelganda, birinchi navbatda ustozlar va talabalar bilan salomlashish - Sizning odob-axloqli va tarbiyali ekanligingizni ko'rsatadi. 

Avvalo o'qishga kechikib kelmaslikni o'zingizga odat qiling. O'zingizni doimo bosiq tuting. O'z vazifasini puxta bilgan talaba hech qachon qiziqqonlik qilmaydi va o'ziga tegishli bo'lmagan ishlarga aralashmaydi.

O'qish vaqti boshlangandan keyin talabalarga o'qishga taalluqli bo'lmagan gaplar bilan xalaqit qilmang. Mabodo maslahatli ish chiqib qolsa, «iltimos, mumkinmi so'rasam» yoki «ko'maklashib yuborasizlarmi» deya murojaat qiling. O'quv xonasida baland ovozda gapirish boshqalarning fikrini bo'lishiga sabab bo'lishini unutmang.

Institut hududida va undan tashqarisida yoshi katta xodimlarni hurmat qiling. Bu insoniy fazilat va Nizomni bilishingizdan darak beradi.

Jamoadagi har bir yig'in, majlislar yoki shunchaki suhbatda ham o'z o'rningizni biling. Asosli va to'g'ri so'zni ayting yoki aksincha, birovlarning gapiga ishonib, asossiz bo'lgan gapni aytishdan o'zingizni tiying.

Sizdan yordam so'ragan har bir talabaga qo'lingizdan kelganicha ko'maklashishga intiling. Mabodo qo'lingizdan kelmasa, hech bo'lmasa ikki og'iz shirin so'z bilan javob qiling.

Mutasaddi xodimning ruxsatisiz yoki favqulodda xizmat taqozosisiz xonadoshlaringizning hujjatlarini titmang.

Saboqdoshingiz betoblik vaqtida albatta uning holidan xabar olishni burchingiz deb biling. Betob odam tabibning muolajasi va oila a`zolarining kelishidan ko'ra, sizni bir og'iz shirin so'zingizga muhtoj ekanligini unutmang.