Iqtisodiyot

Temir yo‘l transporti xalq – xo‘jaligining boshqa tarmoqlari 1960 yildan boshlab iqtisodchi mutaxassislarga katta talab ko‘paydi. 1965 yilda institut rektori M.F.Prasolov va M.N.Belenkiy rahbarligida yangi “Muhandislik – iqtisodiyot” fakulteti tashkil qilindi. Yangi tashkil topgan fakultetga iqtisod fanlar doktori, professor M.N.Belenkiy fakultet dekani va dekan o‘rinbosari etib iqtisod fanlar nomzodi, dotsent M.N.Odilov tayinlandi.
1989 yilda muhandislik iqtisodiyot fakulteti “Tashish ishlarini boshqarish” fakulteti tarkibiga kirgan bo‘lsa, 1998 yilda yana mustaqil fakultet sifatida ajralib chiqib, hozirda Iqtisodiyot fakulteti deb nomlanadi.
Fakultetda tarkibida beshta kafedra muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning uchtasi “Iqtisodiyot va menejment”, “Buxgalteriya hisobi va audit” va “Temir yo‘l transportida axborot tizimlari” kafedralari ixtisoslashgan-mutaxassislar tayyorlovchi kafedralar bo‘lib, qolgan ikkitasi ijtimoiy yo‘nalishdagi “Ijtimoiy gumanitar fanlar” va “Tillar” kafedralaridir.
Mazkur kafedralarda 80 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 57 foizdan ko‘prog‘ini ilmiy unvon va darajaga ega, etuk pedagog-olimlar tashkil etadi.
Fakultet respublikamiz temir yo‘l transporti va iqtisodiyotning boshqa sohalari uchun to‘rt yo‘nalish “Iqtisodiyot”, “Menejment” va “Buxgalteriya hisobi va audit”, “Informatika va informatsion texnologiyalar” bo‘yicha bakalavrlar va “Tarmoq iqtisodiyoti” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlab kelmoqda.
Tahsil olayotgan talabalar soni 650 nafarga yaqin.
O‘tgan yillar davomida fakultet tomonidan iqtisodiyot va boshqaruv, moliya va buxgalterlik hisobi, transport qurilishi, moddiy-texnik ta’minot va mehnat iqtisodiyoti, transport ishini tashkil etish va rejalashtirish, yangi informatsion texnologiyalarni loyihalashtirish, yaratish va foydalanish sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanib kelmoqda.
Fakultet jamoasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun etuk mutaxassislar tayyorlashdan tashqari, Kompaniyaning Moliya va buxgalterlik hisobi, Iqtisodiyot va prognozlashtirish, Lokomotivlardan foydalanish, Vagon xo‘jaligi va boshqarmalari, Axborot hisoblash markazi, shuningdek yirik ishlab chiqarish korxonalari “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UK, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni ta’mirlash va qurish zavodi” AJ, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va boshqa qator tizim birliklari bilan ilmiy-izlanishlar yo‘nalishida ham keng qamrovli aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, bu aloqalar doirasida etakchi professor-o‘qituvchilar tomonidan mazkur tizimlar faoliyatiga taalluqli ishlab chiqarishga xos iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan ikki tomonlama manfaatli ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, mazkur tizim birliklari buyurtmalariga muvofiq, amaliy, fundamental va innovatsion yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borilmoqdaki, bu ilmiy ishlar mazkur tizimlar ishini tashkil etishni yanana takomillashuviga, ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini, faoliyati moliyaviy natijalarini yanada yaxshilanishiga olib kelmoqda.
Fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalari xo‘jalik yuritishning yangicha sharoitida temir yo‘l transporti resurslarini oqilona va samarali boshqarish, temir yo‘l transporti infratuzilma xarajatlarini baholash kabi yangi yo‘nalishlar hisobiga o‘z ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirmoqdalar hamda qamrovi va ko‘lamini kengaytirmoqdalar.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan berilayotgan moliyaviy ko‘mak evaziga, fakultet tasarrufidagi o‘quv-laboratoriyalar zamonaviy tarzda jihozlanmoqda va xar tomonlama mutaxassislar tayyorlashga qo‘yiladigan barcha talablarga javob beradigan darajaga keltirilmoqda.
Xozirda fakultet professor-o‘qituvchilarining asosiy diqqat e’tibori, iqtisodiyot va boshqaruv, moliya va buxgalteriya hisobi, audit, informatsion tizimlar va texnologiyalar yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlanayotgan mutaxassislar “sifati”ni yanada yaxshilashga qaratilgan.
Buning uchun fakultetda talabalar o‘rganadigan 80 dan ziyod fanlar uchun ma’ruza matnlari, o‘quv va ishchi dasturlar, amaliyot mashg‘ulotlari, kurs loyiha ishlari, barcha turdagi amaliyotlar, malakaviy bitiruv ishlari va magisterlik dissertatsiyalari uchun uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan.
O‘quv jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interaktiv ta’lim usullardan keng foydalanilmoqda. Mustaqil va kurs loyiha ishlari, bitiruv malakaviy ishlarni bajarishda informatsion texnologiya vositalaridan keng foydalanib kelinmoqda.
Fakultet faoliyati yagona maqsadga, temir yo‘l transporti uchun etuk iqtisodiy va moliyaviy kadrlar tayyorlash markazi bo‘lish va sohaning mehnat bozorini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga qaratilgan.