Xotin-qizlar qo’mitasi BT raisi oliy o’rin sohibasi bo’ldi

“O’zbekiston temir yo’llari” AJning katta zalida temiryo’lchi xotin – qizlar o’rtasida o’tkazilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining g’oliblarini taqdirlash marosimi o’tkazildi.

Tanlov mamlakatimizning ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanishiga o’z hissalarini qo’shib kelayotgan faol, har tomonlama ibratli temiryo’lchi ayollarni aniqlash, ularning ilg’or hayot va ish tajribasini ommalashtirish maqsadida O’zbeksiton Qizil Yarim oy jamiyati temir yo’l mintaqaviy tashkiloti tashabbusi bilan “O’zbekiston temir yo’llari” AJ Xotin-qizlar qo'mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Tanlov g’oliblari qatorida institutimiz xotin – qizlar qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti raisi Nodira Xodjayevaning ham borligi institut jamoasini quvontirdi. Qahramonimiz oliy o'rin - “Gran-pri” sohibasi bo’ldi.

— Yutuq faqat o’zimning emas, men uchun qadrli – oliy ilm dargohimizning, institut jamoasining yutug’i, — deydi Nodira Xodjayeva. — Bu rag’bat xursandchilik tuyg’usi bilan birgalikda mas’uliyat hissini ham oshirdi, o’z ustimda yanada ko’proq ishlashga undadi. Bunday yutuqlarni institutning boshqa ayol professor – o’qituvchilari va talaba qizlari, izdoshlarim ham qo’lga kiritishiga ishonaman.