E'lon - Hujjatlar qabul qilish hamda test sinovlarini o‘tkazish tartibi o‘zgardi

2018/2019 o‘quv yiliga Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi arizalar 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Endilikda test sinovlari har yili 1 avgustdan 15 avgustga qadar, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Bunda birinchi smena soat 8:00da, ikkinchi smena 15:00da boshlanadi.

Abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi lozim, u test sinovlari boshlanganidan so‘ng binoga tegishli hududga kira olmaydi. Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishi mumkin, ushbu sana va vaqt qat’iy hisoblanib, abituriyent boshqa vaqtda va sanada test sinovlarida ishtirok etishi mumkin emas.

Shuningdek, abituriyentlarga ruxsatnomalar hamda test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning chizma nusxasi bilan 29 - 31 iyul kunlari institut qabul komissiyasida tarqatiladi

Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi (avvalgidek 36tadan emas). Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30ta test topshirig‘iga 1 soat, 60ta test topshirig‘iga 2 soat, 90ta test topshirigiga 3 soat vaqt beriladi.

Abituriyentlar talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani to‘g‘risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy saytida e’lon qilinadi

Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega bo‘ladi.

Test sinovlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa - olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkaziladi.