O‘zbekiston temir yo‘l transport tizimida barkamol shaxs va malakali kadrlarni tayyorlash strategiyasi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida “O‘zbekiston temir yo‘l transport tizimida barkamol shaxs va malakali kadrlarni tayyorlash strategiyasi” mavzuida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi to‘g‘risida”gi farmoni, “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, “O‘zbekiston temir yo‘l transport tizimida barkamol shaxs va malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash strategiyasi” mavzusidagi amaliy loyiha bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar rejasiga asosan o‘tkazildi.

Tadbir avvalida institut anjumanlar zalida konferensiya ishtirokchilarining yalpi majlisi o’tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi F.S. Dadaxodjaev, Vazirlar Mahkamasining yig‘ma axborot tahlil departamenti bosh mutaxassisi S.X. Xaytmuratov, “O‘zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati sog‘liqni saqlash xizmati boshlig‘i, sotsiologiya fanlari doktori T.B. Matibaev ishtirok etdi.

— Temir yo‘l transporti mamlakat iqtisodiy hayotini, faqat iqtisodiy emas, balki ma’naviy-madaniy hayotini ham rivojlantiruvchi tarmoq hisoblanadi, — deydi institut rektori Ma’rufjon Rasulov. — Qayerga temir yo‘l borsa, moddiy mo‘l - ko‘lchilik, madaniyat boradi, hududlar obod bo‘ladi, aholi farovon yashaydi. Shunday ekan, bu tarmoqda nafaqat o‘z ishining ustasi bo‘lgan mutaxassislar, balki har taraflama kamol topgan yetuk va komil insonlar faoliyat ko‘rsatishi kerak. Ta’kidlash kerak, globallashuv davri texnika, ilm-fanning yuqori sur’atlar bilan integratsiyalashuvi jarayonidir. Demak, mamlakatimiz taraqqiyotini nafaqat temir yo‘l transporti, balki texnik taraqqiyotga daxldor boshqa barcha sohalar ham belgilab beradi. Shu nuqtai nazardan “O‘zbekiston temir yo‘l transport tizimida barkamol shaxs va malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash strategiyasi” mavzuidagi ushbu anjumanning o‘tkazilishi o‘z dolzarbligi bilan ahamiyatga molik. 

• Ilmiy – amaliy konferensiyada O‘zbekistonda “Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq yetuk kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash strategiyasi, zamonaviy ta’lim sohasi: integrallashuv va milliy jarayonlar mutanosibligi, zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash va tarbiyalash: metodologik muammolar va innovatsion g‘oyalar, temir yo‘l transporti tizimida kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish va boshqarish istiqbollari, ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash masalalari va rivojlangan demokratik davlatlar darajasidagi yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi sho’balarda mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

• — “Zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashda milliy tarbiya tizimining etnomadaniy xususiyatlari” mavzuidagi maqolam bilan ishtirok etdim, — deydi talaba G’anisher Malikov. — Har bir xalqning taraqqiy etishida, shuningdek buyuk davlatchilik tizimini bunyod etishda tarbiya masalasi muhim omillardan sanaladi.O’z ishimda ta’lim - tarbiya, shakllari, milliy tarbiya, bu borada birinchi prezidentimiz Islom Karimovning fikrlari va amalga oshirgan ishlari hamda tarbiyaning e’tibor qaratilishi lozim bo’lgan jihatlariga ham to’xtaldim.

Faol ishtirokchilar institut tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.

Konferensiya materiallari ilmiy to‘plam shaklida chop etilib ishtirokchilarga tarqatildi.