Alisher Navoiy – millatimiz g’ururi

Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy – millatimiz g’ururi” mavzuida uchrashuv tashkil etildi. Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti, O’zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat unversiteti Toshkent shahri filiali prorektorlari, professor-o’qituvchi hamda talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni institut “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo’limi boshlig’i Farrux Azimov olib bordi. Tadbir maqsadi, mavzui bilan tanishtirgach so’z navbatini institut “Tillar” kafedrasi dotsenti Muqaddas Kamilovaga berdi. Mutaxassis ulug’ bobokalonimiz haqida ko’plab ma’lumotlarni keltirdi. Jumladan shunday dedi: “Alisher Navoiy Ali Yazdiy nazariga tushgan, Mavlono Lutfiy yosh shoir isteʼdodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy eʼtirofini qozongan allomadir. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan taʼlim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga oʻtirgach, Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik mansabiga, vazirlik va Astrobod hokimligiga tayinlanadi. 1480—1500 yillar mobaynida oʻz mablagʻlari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yoʻlovchilar toʻxtab oʻtish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga „muqarrabi hazrati sultoniy“ yani „sulton hazratlarining eng yaqin kishisi“ degan unvonni beradi. Unga koʻra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi. Alisher Navoiy tarjimai holi oʻz davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan.

Oʻzbek olimlari Ozod Sharafiddinov, V.Mahmud, Oybek, Yahyo Gʻulomov, Izzat Sulton, A.Zohidov, V.Abdullaev, A.Qayumov, S.Gʻanieva Navoiyning hayot yoʻli haqida asarlar yaratishgan.

Qaro ko’zum,kel-u, mardumlig’ emdi fan qilg’il,

Ko’zum qarosida mardum kibi vatan qilg’il.

Yuzung guliga ko’ngul ravzasin yasa gulshan,

Qading niholig’a jon gulshanin chaman qilg’il.

Takovaringg’a bag’ir qonidin hino bog’la,

Itingga g’amzada jon rishtasin rasin qilg’il.

Firoq tog’ida topilsa tufrog’im, ey charx,

Xamir etib, yana ul tog’da ko’hkan qilg’il.

Yuzung visolig’a yetsun,desang,ko’ngullarni,

Sochingni boshtin- ayog’ chin ila shikan qilg’il”.

Shundan so’ng O’zbekiston davlat konservatoriyasi o’qituvchisi Sarvar Alimov, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institute talabasi Nilufar Ochilovalar so’zga chiqib Navoiyni “G’azal mulkining sultoni”, “Davlat arbobi”, “Shoirlar shoiri” sifatida o’z fikrlarini bildirdi hamda ijod namunalaridan o’qib eshittirdilar.