“Tomoshabin” emas tashkilotchi, faolmiz

“Mafkuraviy poligonlar bugungi kunda

yadro poligonlaridan ham qudratliroqdir”

Islom Karimov

Institut faollar zalida “Yoshlarda turli yot g‘oyalarga qarshi kurashda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash” mavzuida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi hamkorligida uchrashuv tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar, talabalar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, turli yot g‘oyalarga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan tadbirni prorektor Dilshod Baratov olib bordi. Tadbir mavzui, maqsadi va mehmoni bilan tanishtirdi: “Turli davlatlarda islomni niqob qilib o‘zining ekstremistik va terroristik maqsadlarini amalga oshirayotgan guruhlar, shaxslar haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘rib, eshitib turibmiz. Mana shunday tahlikali davrda ogoh bo‘lishimiz, daxldorlik hissi bilan yashashimiz, bunday guruh va shaxslarning aslida maqsadlari nimadan iboratligini teran tushunishimiz va anglashimiz zarur. Mavzu yuzasidan batafsil ma’lumot olish uchun Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi mas’ul xodimi podpolkovnik Nuriymon Abdulxasanni taklif etganmiz va so‘z navbatini mutaxassisga beramiz”.

Nuriymon Abdulxasan oxirgi bir yilda dinga munosabat o‘zgarganini, muqaddas qadamjolarga ziyorat, O‘zbekiston Islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, viloyatlarda fiqh maktablarining tashkil etilishi, terroristik, ekstremistik manfur kuchlar maqsadga erishish uchun mustaqil fikri, muqaddas islom dini xususida yetarli ma’lumoti bo‘lmagan yoshlardan foydalanayotgani, unga qarshi kurashda adabiyot, kitob o‘qishimiz, odoblanishimiz zarurligi xususida batafsil to‘xtaldi.

— Yangiliklar, islohotlar va o‘zgarishlar bilan yashayapmiz. — deydi mutaxassis. — Bu jarayonlarda qanday ishtirok etyapman? degan savolni o‘zimizga berishimiz kerak. Birinchi yurtboshimiz mustahkam fundamentni yaratib berdi. Mustahkam fundamentga mustahkam bino qurish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning vazifasi. Unda “tomoshabin” emas tashkilotchi, faol bo‘lishimiz zarur. Shundagina buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘lamiz. Sport, ilm-fanda salohiyatini dunyoga isbotlagan yoshlarimizni ko‘rib ko‘zimiz quvnaydi. 

Ta’kidlanganidek, har birimizda kuyunchaklik, yurt kelajagi uchun daxldorlik bo‘lishi kerak. “Buxoriy, Termiziy, Xorazmiydek ulamolar yetishib chiqishiga ishonaman”, — degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. Bu yurt buyuk bo‘lgan, dunyoga islomni o‘rgatgan. Ilm, qalam bilan dunyoni zabt etgan. 

O‘ylaymizki, “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat”ni qurishdek maqsadga erishishda mana shunday profilatik tadbirlarning ahamiyati katta. Talaba-yoshlarning islom dini va aqidaparastlarning asl maqsadini teran anglashida, mafkuraviy immuniteti yanada mustahkamlanishida muhim omil bo‘ldi.