Buyuk ishlar uchun yaralgan umr

Institut anjumanlar zalida “Mustaqillik me’mori buyuk davlat va siyosat arbobi” mavzuida davra suhbati o’tkazildi. O’zbekiston Liberal – Demokratik partiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Siyosiy Kengash bo’lim boshlig’i N.Alimov, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati agrar va suv xo’jaligi, ekologiya qo’mitasi raisi o’rinbosari B.S. Tojiyev, O’zbekiston Liberal – Demokratik partiyasi Yoshlar qanoti a’zosi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori G.A. Otajonova, Karate bo’yicha Osiyo o’yinlari sovrindori, xalqaro toifadagi sportchi Sh.K.Axatovlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A. Karimov haqidagi “Ehtirom” hujjatli filmi namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yil 25-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-3404-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirni institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor D.X. Baratov olib bordi. U mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning 80-yilligi nishonlanayotganligini, ularning vafoti biz uchun katta yo‘qotish bo‘lganligini, uning o‘rnini hech kim va hech narsa bosa olmasligini ta’kidlab so‘z navbatini O’zLiDeP Siyosiy Kengashi bo‘limi boshlig‘i N.X. Alimovga berdi.

N.X. Alimov o‘z nutqida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, istiqlol me’mori Islom Abdug‘anievich Karimov zamonamizning ulug‘ siyosatchisi, Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligiga ulkan hissa qo‘shgan shaxs sifatida xalqimiz qalbida, yurtimiz tarixida mangu saqlanib qolishini ta’kidladi. Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida ish boshlagan birinchi kundanoq tinchlik masalasini davlat siyosati darajasiga ko‘targanini, bunda asosiy e’tibor ichki va tashqi, ya’ni yaxshi qo‘shnichilik va dunyo mamlakatlari bilan teng ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va madaniy hamkorlik rishtalarini bog‘lashga qaratganligini, eng muhimi, O‘zbekiston farzandlari biror harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi, o‘zga yurtlarda xizmat qilmasligi, eng muhimi, faqat o‘z yurti sarhadlarini himoya qilishi alohida ta’kidlandi va bunga og‘ishmay amal qilib kelinganini yorqin misollar yordamida gapirib berdi. Shuningdek, “O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi, amalga oshirilgan islohotlar, bunyodkorlik ishlaridagi Islom Abdug‘anievich Karimovning roli va jonbozligi haqidagi o‘z xotiralarini so‘zlab berdi.

Keyingi so‘z navbati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati agrar va suv xo‘jaligi, ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.S. Tojiyevga berildi. U O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov faoliyatida tashqi siyosiy, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida ishonchli hamkorlikni o‘rnatish, xalqaro e’tirof etilgan tamoyil va normalarga amal qilish doimo muhim ahamiyat kasb etganligini, bunday hamkorlik Islom Karimovning siyosiy sergakliki, mafkuraviy sobitqadamligi, dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni chuqur tahlil qilish va undan to‘g‘ri xulosa chiqarish kabi amaliyot bilan yanada mustahkamlaganini, dunyoning yirik siyosatchilari, davlat rahbarlari, xalqaro ekspertlar Islom Karimovning bu sifatlarini doimo qadrladilar va e’tirof etganliklarini, o‘zining hayotida yurtboshimizning rolini gapirib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston davlatining asoschisi Islom Abdug‘aniyevich Karimov agar hayot bo‘lganida shu yilning 30-yanvarida 80 yoshga kirishini, uning vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligiga qo‘shgan ulkan hissasi, sermazmun hayoti va faoliyatining yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni va ahamiyatini inobatga olib, ushbu sanani ulug‘ xalqimiz bayrami sifatida nishonlash hamda Islom Karimovning ruhini shod etish maqsadida bugungi tadbir tashkil etilganligini gapirib o‘tdi.

Shuningdek, tarix fanlari nomzodi B.Yuldashev ham so’zga chiqib mavzu yuzasidan o’zining fikrlarini bildirdi.