Biz fidoiy vatanparvarlarga tayanamiz!!!

Ayni kunlarda Respublikamiz bo‘ylab 14 - yanvar — Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan kun bayrami keng nishonlanmoqda. Jumladan, oliy ilm dargohimizda ham bayram shukuhi davom etmoqda. Ayniqsa, institut sport zalida harbiy xizmatchilar bilan o‘tkazilgan treningda talabalar va ishtirokchilar qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik, sodiqlik, fidoiylik tuyg‘ulari, daxldorlik hissi yanada jo‘sh urdi.

“Biz fidoyi vatanparvarlarga tayanamiz” shiori ostida o‘tkazilgan treningda institut professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi 71186-harbiy qism kapitan, leytenant va askarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Farrux Azimov va 71186-harbiy qism kapitani Azamat Yuldashevlar so‘zga chiqib Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan kun, bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtaldi.

Shundan so‘ng ishtirokchilarga harbiy qism askarlari tomonidan jangovar tayyorgarlik mashqlari ko‘rsatib berildi.

Ona yurtimiz o‘zining mard, jasur yigitlari bilan doim faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz esa ota-ona, oila, yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Bayram nishonlanishi xalqimizning o‘z milliy armiyasiga bo‘lgan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi.

Sizda orom qayda, Sizda tin qayda.

Siz to‘yib uxlagan bitta tun qayda.

El-yurt oromini asragan zotlar,

El mehri asrasin Sizni har joyda!..