O’zbekiston Milliy kutubxonasida «Axborot-kutubxona muassasasining yaxshi mutaxassisi -2017» Respublika tanlovi

2017 yilning 15 avgust kuni Toshkent Davlat Pedagogika universiteti qoshidagi Axborot-resurs markazida O’zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, O’zbekiston Milliy kutubxonasi va    Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi hamkorligida O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi Axborot -kutubxona muassasalarining mutaxassislari ishtirokida “Axborot- kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi-2017 ” tanlovining II-bosqichi bo’lib o’tdi.

Barcha turlarda muvofiqqiyatli ishtirok etgan Toshkent Temir yo’l muhandislari instituti Axborot-resurs markazi xodimi Qayumova Nasiba Akbarovna g’oliblikni qo’lga kiritib,tanlovning III-Respublika bosqichiga yo’llanma oldi.

Joriy yilning 31 oktyabr kuni esa O’zbekiston Milliy kutubxonasi «Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi - 2017» Respublika tanlovi yakuniy bosqichi boshlandi. Tanlov Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot-kutubxona markazlari, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi axborot-resurs markazlari, Madaniyat va sport ishlari vazirligi kutubxonalari mutaxassislari o’rtasida o’tkazildi.

Tanlovning maqsadi axborot-kutubxona kasbining kasbiy ahamiyatini va nufuzini oshirishdan iborat. Tanlov respublika-axborot kutubxona muassasalari mutaxassislarining kasbiy fazilatlarini, ijodiy salohiyatini, ishbilarmonlik faolligini namoyon qilish, ishga bo’lgan ijodiy yondashuvni, axborot-kutubxona faoliyati, uning fondi va xizmatlarini targ’ib qilishning yangi shakllari va usullarini izlashni rag’batlantirish, ilg’or ish tajribasini ommalashtirish, respublika axborot-kutubxona ishi rivojlanishiga ko’maklashish kabi vazifalarni o’z oldiga qo’ygan.

Nizomga ko’ra, tanlov olti oy mobaynida bosqichma-bochqich o’tkazildi. Birinchi - tuman bosqichida ishtirokchilar tomonidan elektron shaklda hujjatlar va materiallar taqdim etildi, taqdim etilgan materiallar ekspertizadan o’tkazildi va eng ko’p ball to’plagan g’oliblarga tanlovning ikkinchi bosqichiga  yo’llanma berildi. Ikkinchi - viloyat bosqichida ishtirokchilarning taqdimot tayyorlash, test sinovlaridan o’tish, AKT ko’nikmalari baholandi.    

«Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi - 2017» Respublika tanlovi yakuniy bosqichi birinchi turida vazirlik va idoralardan vakil bo’lib qatnashuvchi 5 kishidan iborat 14 ta viloyat jamoalari ishtirokchilari «Yangi avlod axborot-kutubxona muassasasi» mavzusida o’z taqdimotlarini namoyish etishdi. Bunda ularning innovasion loyihalari va g’oyalari, loyihaning ahamiyati va ijtimoiy zarurati, AKT bilimlari va uni joriy etish, elektron ma’lumotlar bazasi bilan ishlash, tayyorlangan materialni professional tarzda bayon etish va etkazib berish mahorati baholandi.

Ikkinchi turdagi adabiy viktorinada esa ishtirokchilarning belgilangan vaqt ichida o’zbek klassik va zamonaviy adabiyotiga doir savollarga javob berishlari baholandi.

2017 yil 1 noyabrya kuni O’zbekiston Milliy kutubxonasi «Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi - 2017» Respublika tanlovi bosqichi yakunlandi.        

Tanlovning ikkinchi kunida ishtirokchilar kutubxona amaliyotda uchrab turadigan turli muammoli vaziyatlarni professional tarzda hal etish vazifasini bajarishdi. Mazkur vazifada qatnashchilarning vaziyatga kasbiy yondoshuvi, amaliyotga yaqinligi, kommunikabelligi baholandi. «Kitobxon yoshlar - O’zbekiston kelajagi» mavzusidagi uy vazifasi ijodiy tanlovida jamoalarga o’zlarining ijodiy qobiliyat va iste’dodlari, qiziqishlarini to’liq namoyon etishga imkon berildi. Unda ishtirokchilarning hajviy va hazil-mutoyibali teatrlashtirilgan musiqiy chiqishlari, o’z kasbiga ijodiy yondashuvi, aktyorlik mahorati, chet tillarini bilishi va jamoada yondoshuvni ko’rsatib berdilar.

Toshkent Temir yo’l muhandislari instituti Axborot-resurs markazi ilmiy-uslubiy bo’lim boshlig’i Qayumova Nasiba Akbarovna “Toshkent shahri” jamoasi tarkibida ishtirok etdi.

Tanlov natijalari bo’yicha quyidagi jamoalar g’olib deb e’lon qilindi:

1 - o’rin - Toshkent shahri

2 - o’rin - Buxoro viloyati

3 - o’rin - Navoiy viloyati

Tanlov g’oliblariga  diplomlar, sertifikatlar, qimmatli sovrinlar va O’zbekiston Milliy kutubxonasining estalik sovg’alari topshirildi.