O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, senator Iqbol Mirzo va ustozning shogirdlari bilan uchrashuv

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti faollar zalida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, senator Iqbol Mirzo va ustozning shogirdlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda institut professor-o‘qituvchilari, talabalar, ishchi-xodimlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirni institut prorektori D.X.Baratov ochib berdi va tadbirni o‘tkazishdan maqsad milliy san’atimizni asrash, uning barhayotligini ta’minlash, talabalarning estetik madaniyatini yanada yuksaltirish, oliyjanob insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda tarannum etgan, xalqimiz ma’naviyatiga ulkan hissa qo‘shayotgan shoir hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ma’naviyatni shakllantiradigan asosiy mezonlar bo‘lgan milliy meros, adabiyot va san’atning o‘rni muhim omil ekanligini yanada kengroq singdirish ekanligini ta’kidlab so‘z navbatini O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoga berdi.

Shoir oliy dargohimizga bir necha marotaba tashrif buyurgani, institut texnika sohasiga ixtisoslashgan bo‘lsada adabiyotni, san’atni teran tushunadigan, unga qiziqadigan talabalar ko‘p ekanligini quvonch bilan ta’kidladi. Shuningdek, talabalarga yurtimizda yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar, “Yoshlar ittifoqi”, uning tashkil topishi xususida ham to‘xtaldi. 

Shundan so‘ng shoir o‘z she’rlaridan namunalar keltirdi va shunday dedi: “Barchangiza ma’lumki, mustaqil davlatimizni parchalashga, qoralashga harakat qiladiganlar uchrab turibdi. Demokratiya qanday bo‘lishi kerakligi haqida tashqaridan gapiradiganlar ham bor. Shularga qarata shunday degimiz keladi:

Olisdagi mahmadana, ey eski olchoq,
Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin sen!
O‘zingga boq, keyin, mayli, nog‘orangni qoq,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin sen!
Tinchlik deya yurak bag‘ri kuyik eldir bu,
Yaratganning qoshida eng suyuk eldir bu,
O‘tmishi ham, ertasi ham buyuk eldir bu,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin sen!”

Shuningdek, shoir O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitayotgan yoshlar xususida to‘xtaldi va ularga atab yozgan she’rini o‘qib berdi. Bundan tashqari boshqa ko‘plab she’rlarning yozilish sabablari, jarayonlari xususida ham to‘xtaldi. 

Tadbirning ikkinchi qismida institning iqtidorli talabalari ham o‘zlarining she’larini shoirga o‘qib berdilar. 

Talabalar o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.