Ma’naviy-ma’rifiy mavzularda davra suhbati

“Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo’lish, og’irini yengil qilish aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — degan edi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida. 

Bu borada Toshkent temir yo’l muhandislari institutida ham rektor, prorektor, bo’lim boshliqlari va fakultet dekanlari ko’plab uchrashuvlar, davra suhbatlari o’tkaziladi. Shunday tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida institut faollar zalida prorektor D.X.Baratov institut jamoasi bilan ma’naviy-ma’rifiy mavzularda hamda xodimlarni qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan davra suhbati o’tkazdi. Kun tartibida asosiy e’tibor institut jamoasi va talabalarining kasb kiyimida yurish majburiyati, xodim va talabalarning intizomi, mavjud muammolar kabi masalalarga qaratildi. Davra suhbati ochiq va erkin tarzda o’tdi.

Prorektor D.X.Baratov kasb kiyimini kiyish tartibi haqida gapirdi va “O‘TY” AJ tomonidan qabul qilingan “Kasb kiymini kiyish haqida”gi qonuni bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Barcha o‘quv yordamchi xodimlardan o‘zlarini qiynayotgan muammo va kamchiliklarni so‘rab, ularni yechish yo‘llarini tushuntirib o‘tdi. O‘quv jarayoniga qo‘shayotgan hissalari uchun barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shundan so’ng, “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i F.K.Azimov so’zga chiqdi. U ayni paytda talaba va xodimlar kasb kiymini to‘liq yoki qo‘pol xatoliklar bilan buzayotgani, intizom saviyasining ham susayganini ta’kidlab, bu xatolarni to’g’rilashga chaqirdi.

Majlisning ikkinchi qismini institutda faoliyat yuritayotgan ayol-xodimalar uchun xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.SH. Xadjayeva olib bordi. U ayol-xodimalarga tegishli bo‘lgan masalalar xususida so‘z yuritib, kamchilik va muammolari bilan qiziqdi.