Yurtimiz janubiy hududlari bo‘ylab sayohat

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining bir guruh xodimlari va professor-o‘qituvchilari joriy yilning 6-8 may kunlari kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 9 may “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Termiz-Qarshi-Shahrisabz” yo‘nalishidagi ekskursiyani amalga oshirishdi.

Sayohatning birinchi kunida sayohatchilarimiz yurtimizning eng janubiy sarhadida joylashgan Termiz shahridagi Termiz arxeologiya muzeyi va shahar atrofida joylashgan buyuk qomusiy olim “Al-Hakim-at-Termiziy” majmuasi, qadimda buddaviylar ibodatxonasi bo‘lgan “Fayoztepa”  yodgorligi, “Kokildor ota” xonaqohi,  “Qirq qiz” qa’lasi, “Sulton saodat” maqbarasi  kabi tarixiy qadamjoylarda bo‘lishib, bu joylarning tarixi, xalqimiz ma’naviy hayotidagi yuksak o‘rni haqida qiziqarli bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Safarning ikkinchi kunida esa guruh a’zolari Qashqadaryo vohasidagi o‘zining betakror manzarasi va tabiati bilan mashhur bo‘lgan Shahrisabz shahrida bo‘lishib, xalqimiz tarixining durdonalari hisoblangan “Ko‘k gumbaz” masjidi, “shayx Shamsiddin Kulol al-Keshiy” maqbarasi, “Amir Temur” xilxonasi, “Gumbazi Sayidon (Sayyidlar gumbazi)” majmuasi, “Hazrati Imom” jome’ masjidi, “Oqsaroy” me’moriy yodgorligi kabi tarixiy majmualarning o‘tmishi haqida qiziqarli va boy tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.  

Guruh a’zolari 8 may kuni Qarshi shahridan “Afrosiyob” tez yurar poezdiga o‘tirib Toshkent shahriga etib keldi. Ushbu mazmunli va o‘ziga xos  sayyohlik tadbiri “Temiryo‘l kasaba servis” MChJ xodimlari tomonidan uyushtirildi.