“Harakatlar strategiyasi” axborot xonalarining rasmiy ochilish marosimi

Joriy 2017 yilning 28 iyul kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida talaba-yoshlar tashabbusi bilan “Harakatlar strategiyasi” axborot xonalarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatlari, institut rektori Marufdjon Rasulov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “Iste’dod” jamg‘armasi hodimlari va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamkorligida “Harakatlar strategiyasi” axborot xonalarining rasmiy ochilishi, “Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish” mavzusida davra suhbati hamda institut “Falsafa” kafedrasi mudiri falsafa fanlari doktori, professor Jumaniyoz Ramatovning yangi nashr etilgan “Hayotga falfasiy nigox” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining shu yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da xalqimiz hayot darajasini yuksaltirishning aniq mexanizmlari belgilab berilganligi to‘g‘risida fikrlarini bildirib, ushbu strategiyaning nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga jalb etgan muhim hujjatga aylanganligini alohida ta’kidladilar.
“Harakatlar strategiyasida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish masalalari alohida o‘rin egallaydi. Bu borada Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ham amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarning bilim va iqtidorini chuqurlashtirish, ularning kelgusida malakali kadrlar bo‘lib, O‘zbekistonni yanada rivojlantirishdagi ishtirokini ta’minlash maqsadida ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlar joriy etilayotgani haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir so‘ngida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi.

Harakatlar strategiyasi xonalari faoliyatidan ko‘zlangan asosiy maqsad - O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga yanada kengroq jalb qilishdan iboratdir.
Barcha qulayliklarga ega, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan mazkur xonalarda Harakatlar strategiyasi maqsad va vazifalari, bu borada yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan ko‘rgazmali materiallar joy olgan.

Axborot xonalarida faoliyat olib borish uchun ham aynan yoshlar vakillari jalb etilgani fikrimizning yorqin dalilidir. Ular harakatlar strategiyasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida ma’lumot tarqatish, turli mavzularda so‘rovnomalar o‘tkazish orqali jamoatchilik fikrini o‘rganish, seminar va treninglar tashkil qilish, yoshlarni turli dasturlardagi ishtirokini kengaytirish va yana boshqa ko‘plab vazifalar bilan shug‘ullanadilar.

Xulosa qilib aytganda, institutda “Harakatlar strategiyasi” axborot xonalarining faoliyat yuritishi talaba-yoshlarning jamiyatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayondagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.