Nogironlar uchun imtiyoz

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga nogironligi bo‘lgan shaxslarni  qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish  to‘g‘risida

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida (keyingi o‘rinlarda TTYMI deb ataladi) nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi 417-son Qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” qoidalari asosida Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu Nizom qoidalariga ko‘ra, TTYMIga abiturientlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ajratiladi.

Bunda  TTYMIga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomaga ega I va II guruh nogironlari, shuningdek nogiron bolalar kiradi.

Qabul jarayonida TTYMI va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda institutda nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi.

Nogironligi bo‘lgan  abiturient TTYMI qabul komissiyasiga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning aslini shaxsan (yoki ishonchli vakili tomonidan) ko‘rsatilgan holda, nusxasini taqdim etishi talab etiladi.

YUqorida keltirilgan Nizomga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan kirish itihonlari  (test sinovlari) institut bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi.  Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogioronligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlta granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Muhim muddatlar:

2018 yilning 15 iyunidan 15 iyuliga qadar – nogironligi bo‘lgan shaxslardan ariza va hujjatlar qabul qilish jarayoni;

2018 yilning 1-15 avgust   kunlari test sinovlari o‘tkaziladi;

2018 yilning 2-16 avgust   kunlari test sinovlari natijalari e’lon qilinadi.