ILM VA IBRAT MAKTABINING YETUK OLIMI

P.S.: Universitet rektori Odil Abdurahmonov “Ilm va ibrat” rukni ostida Toshkent davlat transport universiteti fan doktorlari hamda ilmiy maktab sohiblarining faoliyatiga doir maqolalar berish taklifini kiritdi.
Ushbu taklif asosidagi ilk maqolada texnika fanlari doktori, professor, “Transport sohasi uchun elektromagnit o‘lchash o‘zgartirgichlarini takomillashtirish” ilmiy maktabi davomchisi Sulton Fayzullaevich Amirovning ilmiy va hayot yo‘li qalamga olindi.

RUKN: ILM VA IBRAT

O‘nlab ilmiy maqolalar yozgan, xalqaro anjumanlarda nutq so‘zlagan, fizik-matematik kashfiyotlarga qo‘l urgan olimlarni ularning darajasida tinglash katta mahorat talab qiladi, ochig‘i. Shu boisdan bunday mavzudagi tahlillarni tushunish va qog‘ozga tushurish biroz murakkabligi sir emaski, qisqa savollaru batafsil javoblar bilan intervьyu yakunlanadi. Biroq bizning qahramonimiz ochiqko‘ngilliligi, bag‘rikengligi, tirishqoqligi va samimiyligi bilan e’tiborimizni tortdi. Texnika fanlari doktori, professor, Toshkent davlat transport universiteti elektr ta’minoti kafedrasi mudiri Sulton Amirov bilan bir necha soatlab mazmunli suhbatlashish mumkinligiga amin bo‘ldik.

Bolalik haqida ikki og‘iz so‘z
58 yil muqaddam Shahrisabz tumanidagi tog‘li Jarboshi qishlog‘ida tug‘ilgan Sulton Amirov bolalikdan bilim olishga tashna bo‘lib ulg‘aydi. U qishloqdagi 43-o‘rta maktabning yuqori sinfida ta’lim olib yurgan kezlari qo‘shnisining uyiga Toshkentdan qarindoshi mehmonga keladi. O‘shanda qiziquvchan Sulton ham jo‘ralari bilan ko‘p gurung qiladi. Asosiysi, ularning suhbati fizika va matematikaga doir bahslarga borib taqaladi. Mehmonning Toshkent politexnika institutining injener-fizika fakulьtetida tahsil olishi, Avtomatika va telemexanika ixtisosligi bo‘yicha aytgan tavsiyalarini kaftini iyagiga tirgab tinglagan Sultonning havasini keltiradi. U talaba yigitga oliygohga kirish uchun nimalar qilish kerakligi, ushbu yo‘nalishda ta’lim olsa, kim bo‘lib etishib chiqishi kabi savollar beradi. Shu-shu politexnika sohasiga ishtiyoqi ortib, maktabdan so‘ng oliy ta’limni ushbu yo‘nalishda davom ettirish uchun maxsus tayyorgarlikni boshlaydi.
— U paytlar repititor degan gap-so‘zlar bo‘lmasdi. Lekin men matematika va fizika fanidan qo‘shimcha bilim olish uchun o‘qituvchilarimni yoniga qatnab, kechqurunlari uyiga borib o‘qib o‘rganman. Ular ham pul so‘rashmagan, xolis ko‘mak berishgan. Kechki dasturxonida qanday taomi bo‘lsa oldimga qo‘yishardi. O‘zbekchilik-da, ba’zan o‘qituvchining ota-onasi “kech qolding, ota-otangga o‘zimiz aytib qo‘yamiz” deb meni uyimga ketishimga ruxsat berishmasdi. Sakkiz oy davomida matematika, fizika, ona tili va adabiyot fanidan yozma og‘zaki imtihonlarga kirish uchun qattiq tirishdim, fizika yozma va ona tili adabiyot insho edi. 6-8 oy qatnaganman. O‘sha vaqtlar maktab o‘qituvchisining oyligi tirikchiligiga bemalol etardi, hattoki tomorqasiga ishlasa ishlardi, ishlamasa ishlamasdi. Ammo sidqidildan o‘qitishardi. Ularda manmanlik bo‘lmasdi, o‘quvchiga yuzaki yo‘l ko‘rsatib qaytarib yubormasdi. Haligacha matematika o‘qituvchimni eslasam, kayfiyatim ko‘tariladi. U o‘zi biror masalani javobini echolmasa, o‘zidan-da tajribali muallimni oldiga etaklab borardi. U o‘qituvchi ham erinmay qizil qalamda chizib, aniq-tiniq qilib oxirigacha tushuntirib berardi. Shunday qilib 1979 yilda Toshkent politexnika instituti injener-fizika fakulьtetining Avtomatika va telemexanika istisosligiga o‘qishga kirdim. 1984 yilda tamomlab, yo‘llanma bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga ishga yuborildim. U erda Elektrotexnikaning nazariy asoslari kafedrasida yigirma yil ishladim. Orada Moskva qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi injenerlari instituti qoshidagi kunduzgi aspiranturaga tahsil oldim va 1989 yil dekabrda nomzodlik ditsertatsiyasini yoqlab, yana shu kafedraga ishga qaytdim. Irrigatsiya institutida assistent, dotsent, kafedra mudiri, institut qoshidagi litsey direktori, sirtqi fakulьtet dekani va o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida faoliyat yuritdim.

Ilmiy faoliyat yo‘li
Olim o‘z ilmiy faoliyati haqida so‘zlarkan, ustozi texnika fanlari doktori, professor Madiyar Zaripovni eslaydi, hozirgacha u o‘rgatgan yo‘l-yo‘riqlar va ishlash uslublariga amal qilib keladi. U kishi nafaqat O‘zbekistonda, balki Ufada, Samarada, Astraxanda ham katta ilmiy maktablar yaratgan mutaxassis bo‘lgan. Qolaversa, nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlashda moskvalik professor Anatoliy Kravtsov, doktorlik ishini yoqlashida esa texnika fanlari doktori, professor Abdurahmon Rajabovlarning ham hissasi katta.
Zaripov yaratib ketgan ilmiy maktabni kengaytirish, o‘ziga tegishli ilmiy yo‘nalish bo‘yicha ilmiy pedagogik shogirdlarni tayyorlashni burch deb bilgan Sulton Amirov 12 ta (1 ta fan doktori, 5 nafar fan nomzodi va 6 nafar falsafa doktori(PhD) ilmiy darajali) dissertatsiya ishlariga rahbarlik qildi. U ustozi yo‘lga qo‘ygan an’analarni davom ettirib, o‘zi asosan fan doktori dissertatsiyasini tayyorlayotgan fan doktorlari bilan ishlab, fan nomzodi yoki falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlayotgan shogirdlarini doktorant(DSc)larga, magistraturada tahsil olayotgan talabalarni esa tayanch doktarantlarga biriktirib qo‘yishga odatlangan. Chunki 15-20 nafar shogird ishlayotgan bo‘lsa, barchaga birday vaqt ajratish qiyin. Albatta, mavzu tanlash, masalani to‘g‘ri qo‘yish, vazifalarni to‘g‘ri echimini topish va qanday ishlashni o‘rgatib boradi. Professorning birinchi tayyolagan shogirdi Rustam Baratov 1996 yilda “Biparametrik rezonansli o‘zgartirgichlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyani himoya qildi. Ayni paytda ham universitetda ustozi bilan yonma-yon faoliyat olib borayotgan shogirdlar bisyor.
Olim universitetda dars berish va shogird tayyorlash bilan birga Toshkent davlat texnika universitetida akademik Nodirbek Yusufbekov va akademik Qahramon Allaev raisligidagi ilmiy kengashlar ishida faol ishtirok etadi. Bundan, tashqari, u O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasidagi ekspert sovet a’zosi hamdir. Bu erdagi tartib bo‘yicha ko‘rilayotgan ilmiy ishlarni muhokama qilish jarayonida o‘z shogirdlari uchun asqotadigan ilmni haligacha o‘rganib keladi. Jahon miqyosidagi “SCOPUS” ma’lumotlar bazasiga kiritilgan, inpakt faktorlari yuqori bo‘lgan nufuzli ilmiy jurnallarda ham maqolalar chop etadi. U shogirdlari bilan birga ixtirolar yaratib, uning himoyasi uchun talabnomalar yuboradi. Tadqiqotlar xorij ekspertlari ishtirokida 18 oy mobaynida o‘rganilib, undagi yangilik va hisob-kitoblar boshqa joyda uchramasa, ijobiy xulosa olishadi. Professor rahbarligida mana shunday xalqaro guvohnomaga ega bo‘lgan 29 ta ixtiro mavjud.

“Xayolim ish bilan band, onasi”
Sulton Amirov hali-hanuz ishda ham, uyda ham yangi ilm o‘rganishga urinadi. Ancha yillar avval kafedra mudiri bo‘lishiga qaramay, o‘sha paytlarda kafedraning dotsenti bo‘lib ishlagan domla Mirjalil Yakubov dars o‘tayotgan xonaga kirib allanimalarni so‘rab chiqib ketadi. Bu auditoriyada o‘tirgan 80 nafar bolaning nigohiga e’tibor ham bermaydi. Keyin esa talabalarning “Amirov katta professor bo‘lsa, boshqa domladan so‘rab yuribdimi”, degan pichir-pichirlari qulog‘iga yetadi. Keyingi haftaning shu kunida yana o‘sha darsga kirib, “Ha, men hozirgacha izlanib o‘rganishdan to‘xtamayman. Har bir sohaning tarmog‘i keng, kimdir fanning bu tomonini yaxshi bilsa, yana kimdir boshqa jihatlarini yaxshi biladi. Agar men nimanidir tushunmay qolib orlanib so‘ramasam, bilimsiz professor bo‘lib qolaman-ku. Siz ham kundan-kun taraqqiy etayotgan dunyo yangiliklarini o‘zlashtirishda intilishdan to‘xtamang” deydi.
Hammamiz sevib tomosha qilib keladigan “Suyunchi” filьmidagi “bo‘lajak” professorning uchrushuv chog‘idagi gaplarini maroq bilan tinglaymiz:
— “Professorning xotini hamma narsani bilishi kerak, kir yuvishniyam, ovqat qilishniyam, tappi qilishniyam bilishi kerak.
— Professor xotiniga yordam bermaydimi?
— Professor fan bilan mashg‘ul bo‘ladi”.
Ushbu kulgili epizodning so‘zlarida jon bor. Professor bo‘lish ham, uning jufti bo‘lish ham osonmas, albatta. Haqiqatan olimlar ko‘p vaqtlarini ilm egallashga sarflaydilar. Professor Sulton Amirovning o‘y-xayoli shogirdlarning yutug‘i va yangi nazariyalarni qanday tatbiq etish bilan band. Hatto kunlar, oylar qanday o‘tib ketgani sezilmaydi. U ko‘p kitob o‘qiydi, uyda ham o‘z ishi bilan ovora. Ba’zida dasturxon boshida ham ko‘zini bir nuqtaga tikib qolgan paytlari ko‘p bo‘lgan. “Dadasi, nimani o‘ylayapsiz?” deya qarshisida turgan ayoliga jilmayib, qo‘l telefonidan ko‘z uzmay: “Sen ertaga mening xonamga mana shu masala bo‘yicha kirgin, bir fikr bildirmoqchiman”, deb shogirdiga ertangi kun eslatmasini topshiradi. Mehribon umr yo‘ldoshining tikilib turganini keyin payqaydi.
Ba’zida xayolan yana ilm ummoniga sho‘ng‘iydi, ayolining savoliga nima deyishni bilmay qoladi. Shunda uy-joy tishvishini, bolalarning kelajagini o‘ylayotganini aytib qo‘ya qoladi. Va sekingina miyig‘ida kulib, “Xayolim ish bilan band, onasi” deydi.

Ilk ixtiro mohiyati
Olim temir yo‘l sohasiga 2004 yil ishga kelgan bo‘lsa, 2006 yilda yangi bir ixtiro uchun talabnoma yuborildi. Ijobiy xulosa ko‘p o‘tmay keldi va xalqaro jurnallarga ham, xususan Moskvadagi “Elektrotexnika” jurnalida yirik tahliliy maqola berish haqida taklif ham tushdi. Maqola chop etilgach, butunjahon mutaxassislari qiziqish bildirishdi. Ushbu tok transformatori elektr shinalaridan o‘tayotgan katta tokni bir ampergacha bo‘lgan tokka pasaytirib beruvchi yangi qurilma katta obro‘ qozondi. Qurilmaning asosiy xususiyati shundaki, shinadan 1,5 ming amper tok o‘tayotgan bo‘lsa, uni 0 dan 1 ampergacha bo‘lgan tokka proportsional ravishda o‘zgartiradi. Bu paytda tokni qo‘l bilan o‘chirishning iloji yo‘qki, unga yaqinlashish ham xavfli. Chunki kuchlanish ham shunga yarasha yuqori bo‘ladi. Shu tarafdan ko‘pdiapozonli tok transformatori katta yordam beradi. Shu kungacha texnik buyumlar savdo do‘konlarida ham sotilgan: xaridor qurilmaning qancha tok tortishini so‘rasa, bu 20 ampergacha, bunisi 100 ampergacha, narigisi esa 500 ampergacha o‘lchaydi, degan javob olinardi. Masalan, 500 ampergacha bo‘lgan tokni o‘lchash uchun 20 ampergachaga o‘lchaydiganini qo‘yib bo‘lmaydi, negaki sezgirlik pasayib ketadi. 20 ampergacha o‘lchaydiganini 500 amperlikka qo‘yib bo‘lmaydi, chunki diapazoni to‘g‘ri kelmaydi. S.Amirov taklif etgan ixtiro bilan mana shu o‘lchovlarning hammasi(20, 50, 500 ampergacha bo‘lna toklar)ni bitta qurilma yordamida amalga oshirishga erishildi.
Hozirda temir yo‘l kompaniyasidagi tortuvchi nimstantsiyalarning barchasi yangi qurilmadan foydalanishadi. Ixtiroga qo‘l urilgan paytda, ya’ni 2010 yillarda o‘lchov diapazonlarini o‘zgartirishlar qo‘lda bajarilgan. Keyingi yillarda olim shogirdi tayanch doktorant Shavkat Muxsimov bilan birgalikda olib borilgan yanada ko‘p izlanishlar natijasida bu qurilma avtomatik ravishda ishlaydigan bo‘ldi. Tok ma’lum joyga borgandan keyin ba’zi parametrlar o‘zgaradi va birdaniga diapazon avtomatik ravishda o‘zgaradi. Bunday qulaylik tug‘diruvchi transformator elektroenergetikaning turli sohalarida qo‘llanilishi kutilmoqda.
— Ilk ixtiromga guvohnoma olishim talabnoma yozish talablari mohiyatini to‘liq tushunmaganligim sabab juda qiyin bo‘lgan, — deydi professor Sulton Amirov. Yopiq quvurlar va ochiq suv havzalaridan ma’lum bir tezlik bilan ketayotgan suv sarfini elektromagnit usul bilan o‘lchashni hisoblaydigan qurilma tezlik oshgan sari yoki to‘lqinli joyda, suvning oqish rejimi turlicha bo‘lganda ham suv sarfini o‘lchaydi. Ko‘p hollarda suvni laminar oqimdan turbulent holatga o‘tayotgan paytda va burilish holatida quvurdan ketayotgan suyuqlik tezligiining profili keskin o‘zgaradi. Ixtiro mana shu vaqtda ham suyuqlik sarfini aniq o‘lchashi bilan ahamiyatli. Hozirgacha suv sarfini eletromagnitli o‘lchovchi bu qurilmadan ochiq kanallarda va suv sathlarining o‘rtacha qiymatini o‘lchashda foydalaniladi.

Darsga qatnashmagan talabaga “besh”
Olimning talabalik davriga qariyb 40 yil o‘tayotgan bo‘lsa-da, 3-kurs paytidagi bir qiziq voqea unutilmaydi. Politexnika universitetida o‘ta qattiqqo‘l, ilmli va talabchan matematika fani o‘qituvchisi dotsent Nasiba Shohaydarovadan barcha talabalar, hattoki ayrim o‘qituvchilar ham hayiqib turardi. Fanlardan doim “5” baho oladigan talaba Sulton Amirov tuni bilan kitob titkilab dars tayyorlashga odatlangan, ammo ertalab barvaqt uyg‘onishga qiynalardi. Buning ustiga uning yashash joyi institutdan ancha uzoqdaligi uchun darslarga kechikib qolardi. U bir gal birinchi juftlikda o‘tiladigan matematika fanining amaliyot mashg‘ulotiga kech qolib keldi. Nasiba opaning vajohati ko‘z qarashida ayon bo‘lib, jahli chiqdi. “Sultonmurod, yana bir marta kechiksang darsga umuman kirgizmayman” dedi. Aksiga olib keyingi haftaning shu kunida yana kechikib kirib keldi. Qattiqqo‘l o‘qituvchi aytganini qildi, talabani darsdan chiqarib yubordi. Hatto fakulьtetning katta o‘qituvchilari aralashsa-da, u amaliyot darsidan mahrum bo‘ldi. Shunga qaramay, sevimli fanidan mustaqil o‘qishga tirishqoqlik bilan yondashardi. Nasiba Shohaydarova ikkinchi soat mashg‘ulotda matematika fanidan ma’ruza o‘qirdi.
— Hartugul bu mashg‘ulotga kirishga haqqim boridi-yu, qo‘rqanimdan eng oxirgi qatorga o‘tirardim. Shu kunlarning birida opa auditoriyaga bir savol tashladi va kim to‘g‘ri javob berolsa besh bahoga loyiq ekanini ta’kidladi. Orqa qatordan sekin qo‘rqib qo‘limni ko‘tarayotgandim, boshqa bir guruh sardori, a’lochi yigit mendan chaqqonroq chiqdi. Ammo u javob berayotib sal chalkashib ketdi. Keyin men javobimni aytishimga to‘g‘ri keldi va o‘qituvchining va’dasiga muvofiq yil yakunida ham “besh” bahoga baholandim, — deydi professor.
“Transport sohasi uchun elektromagnit o‘lchash o‘zgartirgichlarini takomillashtirish” ilmiy maktabi yaratgan ustozning bu xotira meni ta’sirlandi va o‘ylanib qoldim: tirishqoq muallim menga ta’lim berish bilan birga tarbiya ham bergan. Balki darsga kirolmayotgan a’lochi o‘quvchisini rag‘batlantirish, baholash uchun ham shunday shart qo‘yganmikin. Aslida katta ustoz ko‘rgan shogirdlar kuni kelib munosib javob qaytarishadi, yillar va yo‘llar ularni yuksak cho‘qqilar sari chorlaydi.

Shoira BOYMURODOVA, jurnalist