Universitet rektori Odil Aburahmonov sport festivali ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi

Assalomu alaykum,
Qadrli hamkasblar!

Siz azizlar bilan shukuhli va yorqin lahzalarga boy Yangi yil bayramini davom ettirish maqsadida “Yangi yil musobaqalari: birdamlik va shijoat sari!” sport festivalini tashkil etishni va bu sport bayrami jamoaning jipsligiga xizmat qilishini istagandim.

Bugungi voqealardan niyatlarimning navbatdagi natijasi sifatida quvondim. Barcha ishtirokchilarga va meni qo‘llab-quvvatlagan insonlarga katta rahmat!

Talabalarning ta’til davridan unumli foydalanib, o‘tkazilayotgan sport bayrami o‘qituvchilarimiz, ishchilarimiz, xodimlarimiz o‘rtasida ommaviy sport musobaqalariga asos bo‘layotgani, yangi an’analarni boshlab berganligi bilan ham qadrlidir.

Musobaqalarda yoshlar bilan bir qatorda Abror aka Qosimovning (83 yosh) ishtiroki, shaxmat turnirida Sobit aka Ibragimovning (80 yosh) fahrli o‘rinni egallaganligi, stol tennisida Murod aka Shamsievning (70 yosh) g‘oliblikni yoshlardan iroda bilan kurashib, olib qo‘yganligi shaxsan menga kayfiyat ulashdi.

Universitetimiz ayollarining sport musobaqalaridagi faolligidan minnatdorman va shaxmat turniri g‘olibasi Ruhsora Abdullaevani, stol tennisi g‘olibasi Indira Hasanovalarni samimiy tabriklayman.

Sog‘lom, bilimli va fidoyi professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari bo‘lgan universitet, albatta o‘zining kelajagiga ishonch bilan qaraydi. Ishonamanki, universitetimiz ravnaqi yo‘lida qaysi sohada mehnat qilishingizdan qat’i nazar, sport hamisha hamrohingiz bo‘lib qoladi.

Aziz ustozlar, do‘stlarim!
Biz minglab talabalarni kutib olish arafasida turibmiz. Sizlarga universitetimiz yoshlarining bilimi yo‘lidagi ulug‘vor ishlaringizda sihat-salomatlik, ulkan zafarlar tilayman.

Odil Abdurahmonov,
universitet rektori.