Transport vaziri ishtirokida “vazir va yoshlar“ uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Kadrlar salohiyatini oshirish, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, ularning yangi g‘oya va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash ayni kun talablari bilan hamohangdir. Toshkent davlat transport universitetida Transport vaziri v.b. Ilhomjon Mahkamovning yosh mutaxassis va olimlari, magistrlar bilan  uchrashuvi shunday ezgu maqsadlarga qaratildi.

Muloqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 30 noyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida yosh mutaxassislar imkoniyatidan maqsadli foydalanish va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, shuningdek, 2021 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.

Yoshlar bilan uchrashuv doirasida Transport vaziri yoshlarga transport tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, universitet infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot tinglandi.

Shuningdek, bugungi islohotlar jarayonida yoshlarning alohida o‘rni borligi va sohadagi bunday islohotlarda yoshlarning g‘oyalarini, ularning amalga oshirayotgan ishlari bilan yaqindan tanishish muhimligi ta’kidlandi.

– Bugun siz aziz yoshlar bilan uchrashish men uchun katta sharaf, – dedi vazir v.b. Ilhomjon Mahkamov. – Albatta sizlarning fikringiz, ishlab chiqarish va ilmda erishayotgan yutuqlaringizni yuzma-yuz turib eshitish bizni yagona maqsadlarda birlashtiradi. Bugun transport sohasida qator ishlar qilinmoqda. Bizning asosiy maqsad sohadagi har bir ishimizda yoshlarimiz faolligini ko‘rish. Buning uchun sizlardan o‘z mehnat faoliyatingizga mehr qo‘yish, yaxshi o‘qish va yangi g‘oyalar ustida tadqiqotlar olib borish talab etiladi. Biz, ya’ni vazirlik sizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

Uchrashuvda Ilhomjon Mahkamov yig‘ilish ishtirokchilarining erishayotgan yutuqlari va ularning takliflari bilan qiziqdi.

– Bugungi uchrashuv biz uchun juda foydali bo‘ldi, – dedi Toshkent davlat transport universiteti «Elektr ta’minoti» kafedrasi assistenti Islom Karimov. —Tadqiqotchi sifatida mavjud muammolarni chuqurroq o’rganib, masalalar yuzasidan yetarli va aniq ma’lumotlarni olish murakkabligini bildirdim. Vazir bu fikrlarimni qo‘llab-quvvatladi va bu masalada ko’mak berishini bildirdi.

Ochiq muloqotda yoshlar tizimdagi mavjud muammolar bo‘yicha vazirga savol berdi. Vazir muammolarni hal etish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Takliflar qabul qilinib, ularni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq berildi.

Axborot xizmati