Universitet rektori Odil Abduraxmanovning “Maqsud Shayxzodaning adabiy merosi va zamonaviylik’’ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadagi ma’ruzasi

Muhtaram mehmonlar, aziz hamkasblar!
Halqaro anjumanning qadrli ishtirokchilari!
Mashhur faylasuf shoir, ulug‘ ijodkor Maqsud Shayxzoda tavalludining 112 yilligi munosabati bilan Toshkent davlat transport universitetiga tashrif buyurganingiz, anjumanda qatnashayotganingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Xalqimizning kelajagi, eng avvalo, uning ma’naviy qudrati va milliy ongining ijodiy kuchiga bog‘liq. Shu bois, o‘z tarixini, ma’naviyatini, ruhiy-madaniy qadriyatlarini anglashga yangicha yondashish jarayoni yaqqol sezilayotgan ayni kunlarda buyuk o‘zbek adabiyoti mutafakkirlarining ijodiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi.

Yurtimizda yosh avlodning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish maqsadida atoqli yozuvchi va shoirlarning tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsad qilib olinganligi ham bejiz emas. Davlatimiz rahbarining “adabiyot — xalqning yuragi va ma’naviyati” degan ta’kidida xalqimiz ma’naviy kamolotining asosini ta’minlovchi yozuvchi va shoirlarimiz muhim o‘rin tutadi.

O‘z eliga ham, o‘zga ellarga ham birday aziz Maqsud Shayxzodaning qutlug‘ nomi yodga olinganida, tasavvurimda ulug‘larga xos olijanob, ammo bolalarcha sodda va samimiy, har qanday sharoitda ham ijodiy mehnat izmida bo‘lgan muhtaram insonning siymosi gavdalanadi. Ham badiiy, ham ilmiy ijod olamida o‘zbek xalqiga sadoqat bilan xizmat qilib, ma’rifatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan bu zot haqda tadqiqotchilar ko‘p yozgan. Bu masalada ulardan orttirib bir narsa deyish mushkul. Ammo kitobxonlik ko‘nikmasini yoshlar qalbiga singdirishning yangi ma’rifiy yo‘li sifatida bo‘y ko‘rsatayotgan ayni kunlarda bugungi avlodga qanchalik ko‘p gapirsak, har qancha arziydi.

Maqsud domla o‘zining serbaraka ijodiy umrida 20 dan ortiq majmualarga jamlangan she’rlar, ballada va dostonlar, «Jaloliddin Manguberdi» va «Mirzo Ulug‘bek» kabi dramalar, 300 dan ortiq ilmiy monografiya, tadqiqiy risola va publitsistik asarlari bilan yuksak didli, talabchan o‘zbek kitobxonlariga ma’qul bo‘ldi.

Insoniyatni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushining hal qiluvchi, o‘ta muhim paytda yozuvchimiz Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» tarixiy dramasi dunyoga kelgan.
O‘tmishda Chingizxonday qudratli kuchga qarshi tura olgan, mardonavor kurashgan Vatan tirgagi-Jaloliddin Manguberdining qahramonliklarini jonlantira olgan drama Ikkinchi jahon urushi yillarining jangovar vazifalariga katta xizmat ko‘rsatdi. Mazkur asar teatrda sahnalashtirildi. Manbalarda ko‘rsatilishicha, Manguberdining kishida hayajonli faxr tuyg‘usini junbushga keltira oladigan qahramonliklari aks etgan mazkur drama urushga ketayotgan askarlarga maxsus namoyish etilib, frontga jo‘natilgan ekan. Bu esa askarlarda jangovar ruh va shijoat uyg‘otib, dushmanga nafratni kuchaytirgan.

Maqsud Shayxzodaning “Alpomish” dostoni o‘zbek qahramonlik eposining eng qadimgi va mukammal namunasi tahliliga bag‘ishlangan maqolalari, tadqiqotlari, asarni nashrga tayyorlashdagi ishtiroki va doston yuzasidan bildirgan mulohazalari hali o‘z qimmatini yo‘qotmagan.

Ma’naviylik va ma’rifiylik xalqimizning ko‘p asrlik tarixi davomida doimo uning eng kuchli o‘ziga xos xususiyati bo‘lib kelgan. Shu ma’noda buyuk adib Maqsud Shayxzoda hayoti va ijodini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib qilishda Toshkent davlat transport universitetiga ishonch bildirilgani universitet jamoasiga katta mas’uliyat yukladi.

O‘tgan qisqa muddat orasida universitetimiz jamoasi va talabalar tomonidan bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Muassasamizdagi adabiyot bilimdonlari va mutaxassislari bilan birgalikda Shayxzodaning hayot yo‘li, yozma merosini ilmiy tadqiq etish, uning ijodi va asarlarini o‘quv jarayoniga tatbiq qilish, adib ma’rifati va ma’naviyati hamda Ommaviy axborot vositalari, televideniya, elektron platformalarda Maqsud Shayxzoda ezgu g‘oyalari targ‘ibotini amalga oshirish singari to‘rt asosiy yo‘nalishni o‘zida qamrab olgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Universitet huzurida Xalqaro shayxzodashunoslar kengashi tuzildi va nizomi ishlab chiqildi. Xalqaro shayxzodashunoslar kengashi oldida shoir ijodi bo‘yicha yaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari hamda nashr etilgan asarlarining elektron bazasini shakllantirish, kelgusida “Shayxzoda qomusi”ni yaratish, tug‘ilgan kuni munosabati bilan har yili 5 noyabrda xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyani tashkil etish, faoliyati va merosiga bag‘ishlangan ilmiy to‘plam chop ettirib borish maqsad qilib qo‘yilgan.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Maqsud Shayxzodaga bag‘ishlangan ilk xalqaro anjumanimizda buyuk ijodkorni yod etish barobarida kelgusi vazifalarimizga adabiy maslakdosh va amaliy ko‘makchilarni topish niyatimiz ham yo‘q emas.
Kelgusida Shayxzoda asarlarida singdirilgan g‘oyalar va hikmatli so‘zlari jamlangan ko‘p tilli “Shayxzoda hikmatlari” kitobini chop etish, adibning mukammal ilmiy bibliografiyasini yaratish kabi o‘nlab vazifalar belgilab olingan.

Bu ishlarimizning boshida zamonaviy adabiyotshunosligimizning otalari Naim Karimov, Umarali Normatov va Ibrohim G‘afurovlarning turishiga umid qilaman.
Maqsud Shayxzoda faoliyatini o‘rganishda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi va uning rahbari, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin aka Sayyidovning qo‘llab-quvvatlashiga aminman.
Otaxon gazeta “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi biz bilan birga deb ishonch bildiraman.

Xozirgina Sizlarning guvohligingizda ochilgan Maqsud Shayxzoda nomidagi o‘quv zali va ekspozitsiyada ijodkorning barcha asarlari, hayoti va u bosib o‘tgan ijodiy yo‘lni aks ettiruvchi suratlari, video va audio tasmalar o‘rin olgan. Barchadan Maqsud Shayxzoda nomidagi o‘quv zali ekspozitsiya fondini boyitishda ishtirok etishni so‘rab qolaman.

Qadrli mehmonlar!
Bugungi marosimda ishtirok etayotgan turli hamkorlik markazlari va qo‘shni davlat oliy ta’lim muassasalari olimlariga minnatdorchilik bildiraman.
Haqiqatdan ham, Maqsud Shayxzoda olti asrdan ziyodroq tarixga ega o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarida yangi bir davrni boshlab berdi va uni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shdi.
Maqsud Shayxzoda siymosi nafaqat xalqlar do‘stligining ramzi, balki turkiy xalqlarning, millatlarimizning azaliy tarixi, madaniyati, ma’naviyati, taqdiri, aytish mumkinki, yuragi abadul-abad tutashib, birlashib ketganligining timsolidir.
Ishonchim komilki, bu yorqin timsol ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishga, o‘sib kelayotgan jondan aziz farzandlarimizni xalqlarimiz yaratgan madaniyat durdonalari bilan yaqindan oshno etishga, ulardan bir umr bahramand bo‘lishga xizmat qiladi.

Odil Abduraxmanov,
Universitet rektori