Toshkent – Maqsud Shayxzoda she’riyatida

Atoqli adabiyotshunos olim Naim Karimov Maqsud Shayxzoda haqida “Shunday ijodkorlar bo‘ladiki, ular vafotlaridan keyin ham nafaqat milliy adabiyot xazinasidan joy olgan asarlari, balki ajoyib insoniy fazilatlari va porloq obrazlari bilan ham xalq xotirasida abadiy yashaydilar. Shunday ijodkorlardan biri Maqsud Shayxzodadir” – degan edilar:

Haqiqatda ham Maqsud Shayxzoda ijodi o‘zbek adabiyotida alohida o‘ziga xos o‘ringa ega. Uning ijodiy merosi adabiyotimizga alohida ko‘rk bag‘ishlaydi. Ayniqsa “Toshkentnoma” lirik dostoni o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

Toshkent – O‘zbekistonning yuragi, non shahri har bir o‘zbek uchun sevimli shahar. Na faqat o‘zbek uchun shu tuproqda tug‘ilib o‘sgan har bir millat vakili uchun muqaddas shahardir. Shu qatori Ozar o‘g‘li shuning bilan o‘zbek o‘g‘li Maqsud Shayxzoda uchun ham ona vatanidan kam emas. U o‘zining “Toshkentnoma” lirik poemasini mana shu azim shahar uchun bag‘ishladi.

Ozarbayjon diyorida tug‘ilgan, falakning gardishi bilan o‘zbek tuprog‘iga kelib qolib, mustabid tuzumning tazyiq va tahdidlariga qaramay, zavq-shavq bilan ijod qilgan, zamonaviy o‘zbek adabiy tili va adabiyoti taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shgan bu buyuk ijodkorning muborak nomi hech qachon xalq xotirasidan o‘chmaydi.

Hayotning temir qonuni, taqdirning g‘aroyib shamoli kindik qoni to‘kilgan vatanini tark etib Shayxzodani o‘zbek diyoriga uchirib keldi va Toshkentning qaynoq bag‘rida bir umrga qolib ketdi. Shu  yerda o‘zbek tilini mukammal egallab, o‘zbek adibi, zabardast shoir, barkamol dramaturg va mutafakkir olim sifatida o‘zbek xalqining qalbini zabt etib, o‘zbek adabiyoti tarixiga oltin harflar bilan yozildi. Buni Shayxzoda turmush o‘rtog‘i Sakinaxonimga “Toshkent – mening vatanim! Toshkent – saxovatli va olijanob kishilarning yurti!..” deya faxr bilan yozgan xatidan ham bilsa bo‘ladi. Lekin shoir o‘z vatanini, vatandoshlarini umrining oxirigacha unutgani yo‘q. U 1957 yilda yozilgan “Toshkentnoma” lirik dostonida Ozarbayjon xalqiga bo‘lgan sevgisini shunday ifodalab, tug‘ilib o‘sgan ona vatanini mana shunday tarannum etadi.

Umrim bino bo‘ldi Ozarbayjonda,

Kechdi bolaligim u gul makonda.

Nizomiy vatani, Ganja o‘lkasi

O‘pkamga to‘ldirdi she’r havosin.

Kur nahrin muloyim, tinch muzikasi

Ko‘nglimda uyg‘otdi kuylash havasin.

Maqsud Shayxzodaning “Toshkentnoma” lirik dostoni o‘zbek adabiyotini qolaversa, o‘zbek tarixining bir parchasi hisoblanadi. Chunki shoir nafaqat Toshkentning balki, butun boshli o‘zbek xalqining boshidan o‘tgan o‘tmishini poemada yoritib berishga harakat qiladi. Xondamirdan tortib Navoiygacha o‘qib o‘rganganini birma bir sanab o‘tadi.

Varaqlardim qo‘lyozmani,

O‘qir edim Xondamirni,

Jimjimador har so‘z — ma’ni,

Har so‘z saqlar eski sirni.

Navoiyning zamonasin

Sayr etardim ko‘zim yumib.

Nemis fashist boshqinchilarining yovuzliklarini, yurtga shunday musibat kelganda o‘zbek xalqining mehribonligini, saxovatini, mehmondo‘stligini, bolajonligni qalb qo‘ri bilan ochib berishga intiladi.

Bola desa xotirlanar bolajonlilar,

Bolalarga g‘amxo‘rlilar, mehribonlilar.

Men toshkentlik temirchiga aytaman: — Rahmat!

O‘n to‘rt bola asrab olgan Shoahmad aka…

A, mehribon Bahri opa, sen chekib zahmat,

O‘z bolangday mehr qo‘yding o‘n to‘rt o‘ksizga.

“Toshkentnoma”da “tarixlar va odamlar” bilan birga shaharning suv-tuprog‘ini ham tasvirlab, uning erini javohir, tuprog‘ini esa oltin, deb ta’riflaydi.

  • Nimasi ko‘p Toshkentning?

− Suvi, soyi, soyasi…

Toshkentga ixlosmandning

Tugamas hikoyasi!..

  • Nimalar ko‘p Toshkentda?
  • Oshlar, ishlar, kishilar.

Sozanda-yu pazanda,

Ishchilar, ishboshilar.

  • Nima ko‘rding Toshkentda?
  • Mevalarning aslini,

Doim quyosh faslini,

Quyosh bunda izzatda.

Lekin o‘sha davrda Shayxzoda haqida ayrim kishilar Toshkentda tug‘ilmay turib, bu ko‘hna shahar haqida doston yozmoqchi bo‘lganidan hayratga tushdilar. Lekin shoir bunday hayrat so‘zlariga shunday javob berdi:

Toshkentni sevmoqlik yurakning ishi,

Shu uchun shartmikan bunda tug‘ilmoq!

Shartmi, bir romanga ishqiboz kishi

O‘zi u romanga qahramon bo‘lmoq!

Maqsud Shayxzoda dostonni yozar ekan, bu o‘lkaga kelgandan beri yashagan hayoti ko‘z oldidan o‘tadi.Toshkentning har bir ko‘chasini, har bir kishisini, har bir tarixini o‘z ijod uslubiga yarasha ochib berishga intilgan. Goho g‘amgin, goho shodon ruhda she’rni ifodalashga harakat qiladi. O‘zbek diyorida birga qalam tebratgan do‘stu yorlarini ham she’rda tilga oladi. Bu karvon yo‘lida unga hamroh bo‘lib, og‘a – inidek bo‘lgan do‘stlarini, ya’ni G‘afur G‘ulom va Oybeklarni alohida ulug‘lab satrlarni to‘ldiradi.

Bu erda tug‘ilgan G‘afur va Oybek,

Umrimning boshlang‘ich mavsumlarida

Meni ardoqlashda quchib og‘adek,

Inilik ko‘rsatdim ta’zimlarimda.

Biri – she’rimizning o‘tli yuragi,

Biri – nasr uyining baland tiragi.

Shoir haqida shunday bir voqeani o‘qigandim. U dostonni yozib bo‘lganidan keyin uni tahririyatga – gazetada chop etish uchun olib boradi va dostonni shu erda o‘qib beradi:

Yigitcha edim men, havaskor, sodda,

Bo‘ldim oqibatda shoir Shayxzoda!..

Xuddi mana shu misralarni o‘qiyotgan bir paytda uning ko‘zlaridan ikki tomchi yosh oqib tushar ekan. Ha, sodda yigitchani taqdir shamoli uchirib hayot so‘qmoqlaridagi pastu balandliklarda sinadi, balki bu ko‘z yosh ana so‘qmoqlardagi og‘riqlardandir. Lekin bu ulug‘ inson so‘qmoqlarni mardonavor engib o‘z so‘zi bilan aytganda “o‘zbek diyorida otini surdi”.

Hazrat Navoiyning o‘pib qo‘lini

O‘zbek vodiysida otimni surdim,

Ijod karvonining uzoq yo‘lini –

Aziz yo‘ldoshlar-la o‘toldim, yurdim.

Shoir dostonni yozishdan oldindan azim diyorning har bir go‘shasini kezib, uning butun borlig‘ini o‘tmishini-yu kelajagini ko‘ra olgan.

Toshkent taqdirida kelajak ayon,

Dilda kelajakni tuyganimdandir.

Kuyladim o‘n sakkiz bobda-qo‘shiqda

Va “Toshkentnoma”ga qo‘ydim so‘ng nuqta.

Xulosa qilib aytganda, adibning ko‘hna va ayni chog‘da navqiron Toshkent shahriga bag‘ishlangan, uning tarixi, o‘tmishdagi madaniyat va xalqaro aloqalarini tasvirlovchi “Toshkentnoma” lirik dostoni o‘zbek xalqining kitobsevarlari qalbida doimo shoirga nisbatan hurmat ehtirom bilan mangu yashaydi. Shayxzoda asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shoir tarjima jarayonida qardosh xalqlar va jahon adabiyoti namoyondalarining mahorat maktabidan ta’lim olib, ilg‘or an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan she’rlar yozgan. O‘zbek va ozarbayjon xalqlarining o‘lmas siymosi ijodi kelusi avlodlar bilan barhayot davom etadi.

 

        Bahodir Qodirov,

magistratura talaba.