Universitet rektori «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni sohibi Izzat Maturazovga minnatdorchilik bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 mayda «Mehr-saxovat» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.

Mazkur hujjatda koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda faol ishtirok etishda o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizni “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash nazarda tutilgan.

Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmanov «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan Aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti dekan o‘rinbosari Izzat Maturazovga o’z minnatdorchiligini bildirdi.

Mamlakatimizdagi birdamlik va, eng asosiysi, davlat tomonidan oqilona siyosatning to‘g‘ri yuritilgani butun jamiyatning murakkab jarayonlardan kam talafot bilan o‘tib olishiga, xalqimiz turmush darajasining barqarorligi saqlanishiga zamin yaratmoqda.

Keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan tegishli chora-tadbirlarning samarali ro‘yobga chiqarilishida Toshkent davlat transport universiteti jamoasining ham hissasi bor.

Albatta, bunday faoliyat Davlatimiz rahbari va xalqimizning e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoniga hamkasbimiz Izzat Maturazovning sazovor bo‘lgani buning yana bir isbotidir.

Axborot xizmati