“Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!”

Assalomu alaykum hurmatli xamkasblar.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayramimiz, Mustaqilligimizning 29 yilligi bilan tabriklashga, barchangizga sog‘liq-calomatlik, ishlaringizga omad, xonadoningizga fayzu-barokot, yangi o‘quv yilida yangi muvaffaqiyatlar tilashga ruxsat bergaysiz!
Mustaqillik — oliy ne’mat! Ne-ne daholarimiz ozodlik, hurlik, deya o‘z jonini fido aylamagan, ne-ne jadid bobolarimiz, olimu adiblarimiz mustaqillik uchun kurashib armon bilan o‘tishmagan. Bugun biz o‘sha ajdodlarimiz intilgan, ular orzu qilgan erkinlik zamonida, hurriyat davrida yashamoqdamiz. Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Afsuski, bu davr bizga sinovli kunlarda, pandemiyaga qarshi kurash ketayotgan murakkab bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Moziyga boqib, o‘tmishi va kelajagi buyuk yurt qanchadan-qancha og‘ir sinovlarni mardonavor engib o‘tgani, hamjihatlikda hamisha muzaffar tonglarni qarshi olganini anglaymiz. Bugun ham xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z oldiga insoniylik, bag‘rikenglik, saxovat va olijanoblik kabi ezgu va ulug‘ maqsadlar qo‘yib, hurriyat bayramining 29 yilligini munosib kutib olishga tayyor turibdi.
Pandemiya bizni yangicha yashashga, mavjud vaziyatga moslashib, faoliyatimizni davom ettirishga o‘rgatmoqda. Avvallari har bir viloyatda o‘tkaziladigan konferentsiyalar, festivallar, uchrashuvlar, tanlovlar bugun karantin talablariga ko‘ra onlayn shaklga o‘tdi. Ammo shakl o‘zgargani bilan, mazmunga, mohiyatga aslo putur etgani yo‘q. Maqsad o‘sha — mehnatkash va fidoyi xalqimiz ko‘nglida eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — mustaqillik shodiyonasi kayfiyatini uyg‘otish, ularga bayramona ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash hamda eng ulug‘ ne’mat — hurriyatning nechog‘lik aziz va mukarram ekanligini yana bir bor yodga solishdir.
Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Xozirgi kunda barcha davlatlar, xalqlar va millatlarning asosiy tashvishi yangi paydo bo‘lgan ofatni –koronavirus balosini daf etishdan iborat bo‘lib qoldi. Kishilik tarixida umuman uchramagan global muammo, ya’ni barcha davlatlar va xalqlar manfaatlariga daxldor bo‘lgan, insoniyat kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradigan muammo vujudga keldi. Jamiyat hayotining barcha sohalari izdan chiqdi. Iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, xullas hamma yo‘nalishlarda katta mummolar yuzaga keldi.
Shuni e’tirof etish kerakki, pandemiya va karantin bilan bog‘liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, xalqimiz tushkunlik va sarosimaga tushgani yo‘q. Aksincha millatimizga xos donolik, sabr-toqat bilan bu ofatga qarshi birlashdi, hamjixat bo‘ldi. Aslida kimning qanday odamligi favqulodda vaziyatlarda, ekstremal sharoitlarda yaqqol bilinadi. Xozirgi sinovli davrda millatimizning bag‘rikeng, xotamtoy, saxovatpeshalik fazilatlari ayniqsa namoyon bo‘lmoqda. Kishilar bir-birlariga xamdard bo‘lib, dalda bo‘lib, birlashib, bu ofatga qarshi turishibdi.
Yangilanishlar kundan kunga yaxshi natija berayotgan bugungi davrda aholimizning turmush tarzini yaxshilash yo‘lida samarali xalqparvar islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘z va fikr yuritish, e’tiqod erkinligi huquqining amalda ta’minlangani, bolalar va boshqa majburiy mehnatga chek qo‘yilgani, Toshkent va uning viloyatida ko‘chmas mulkni olish, ushbu hududlarga doimiy propiska qilish, qator davlatlar bilan vizasiz tizim joriy etish, chegaralarning ochilishi, valyutani liberallashtirish siyosati izchillik bilan olib borilayotgani, naqd va naqd pulsiz to‘lov tafovutlarining yo‘q qilinishi, konvertatsiya erkinligi, davlat idoralari faoliyatining ochiqlanishi, amaldorlarning xalq oldida hisob berishining yo‘lga qo‘yilishi, sudlar mustaqilligi sari birinchi qadamlar qo‘yilishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarning ochiq aytilishi va bu sohalarning rivojlantirilayotgani, o‘qituvchilarning oyligi va mavqei oshirilgani, Prezident qabulxonalari tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammolarning echim topayotgani, jamoatchilik nazoratining faoliyati samarali olib borilayotgani va yana shu kabi yuzlab misollarni o‘tgan uch yil davomida hayotga tatbiq etilgan xalqparvar islohotlar qatoriga kiritish mumkin.
Boshqa sohalar qatori ta’lim tizimida ham samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda 43 ta yangi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, 28 ta mahalliy va 15 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va oliy ta’lim muassasalari soni 121 taga etdi. Joriy yilda bitta institut universitetga, 2 ta filial institutga, bitta oliy maktab akademiyaga aylantirildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida Qo‘qon nodavlat universiteti, “Tashkent International University” xalqaro universiteti, Britaniya menejment universiteti, TEAM universiteti, Akfa universiteti kabi nodavlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi.
Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tizimni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, ta’lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion uslublari va axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda sohaning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida 2020 yilning 4 may kuni mamlakatimiz Prezidentining «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Qaroriga ko‘ra, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobilь yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulьteti asosida Toshkent davlat transport universiteti tashkil etildi.
O‘tgan qisqa davrda shu yo‘lda dastlabki, lekin g‘oyat muhim natijalarga erishganimiz, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, bu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani, eng asosiysi, xalqimiz islohotlar samarasini o‘z hayoti misolida his qila boshlagani barchamizni quvontiradi.
Bugungi kunda jahon miqyosida va mamlakatimizda yuz berayotgan murakkab sinovlarni munosib engib o‘tishda mustaqilligimizning safarbar etuvchi va bunyodkor qudrati ilhombaxsh manba sifatida barchamizga kuch-g‘ayrat, ertangi kunga beqiyos ishonch baxsh etmoqda.
Harakatlar strategiyasining hayotga tatbiq etilishi xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ham ijobiy natijalarni bermoqda. Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlar 5,2 million so‘mni tashkil etayotgani ham bunga yaqqol misoldir.
Eng muhimi, yurtimizda hukm surayotgan oliy ne’mat – tinchlik, xotirjamlik va tansihatlik o‘zligini tanigan barcha insonlarni fidoyilikka undamoqda. “Fidoyilik zamirida yaxshilik turadi. Bir kishiga qilingan bir yaxshilikka bir savob yoziladi. Lekin bu ish har kuni minglab kishining g‘amini aritsa-chi? Bu har kuni minglab savob, degani emasmi?”.
Ko‘pchilik mutaxassislar fikricha, har qanday jamiyatning taraqqiyoti, ravnaqi 2 ta omilga bevosita bog‘liq. 1.Jamiyatda adolat tamoyilining ustuvorligi. 2. Inson huquq va erkinliklarining ta’minlanishi. Tarixda ko‘plab mutafakkirlar “adolatli jamiyat”, “ideal jamiyat”, “fozil shaxar” kabi g‘oyalarni ilgari surib, kelajakda shunday jamiyat yaratilishini orzu qilganlar.
Men sizlarga adolatni qaror toptirish, zulm va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga oid bir rivoyatni aytib bermoqchiman. Qadimda bir mamlakatda odil, xalqparvar, diyonatli bir xukmdor bo‘lib, uning fuqarolari tinch-totuv va osoyishta turmush kechirishar ekan. O‘sha mamlakatda bir insondan uning bir tanishi ma’lum muddatga qarz oladi. Lekin belgilangan vaqtda qaytarib bermaydi. Qarz olgan odam keyinchalik bir mansabga erishgandan so‘ng qarzni qaytarib olish yanada mushkul bo‘ladi. Qarz bergan odam necha marta yalinib so‘rasa ham, juda ko‘p odamlarni o‘rtaga qo‘yib, uni insofga chaqirishsa ham hech qanday natija bo‘lmaydi. Shunda bir odam qarz bergan kishiga maslaxat beradi, ya’ni bozorga borib, Axmad ismli tikuvchini topishni va bu masalani u albatta hal qilib berishini aytadi. U paytlarda asosan erkaklar tikuvchi bo‘lishgan ekan. Shunda u odam aytibdi: “qanaqa tikuvchi, qanaqa Axmad? Shuncha kazo-kazo odamlar qilolmagan ish oddiy bir tikuvchining qo‘lidan kelarmikan?” Maslaxat qilgan odam astoydil tayinlagandan so‘ng, “chiqmagan jondan umid” deb bozorga borib, tikuvchini topib, dardini aytibdi. Tikuvchi uni diqqat bilan eshitib, guvoxlari borligiga ishongach, kechqurun ishdan keyin o‘sha amaldorning uyiga borishlarini aytibdi. Ish tugagach, birgalikda qarz olgan kishining uyiga borib, darvozasini taqillatishib, xizmatkorga xo‘jayinini chaqirishni so‘rashgan. Amaldor bularning yoniga kelgach, tikuvchi so‘rabdi: “Siz bu odamni taniysizmi? Ha, taniyman. Bu kishidan ma’lum muddatga qarz olganmisiz? Ha olganman. Nima uchun o‘z vaqtida qaytarmadingiz? Qaytarish niyatim bor. Allaqachon tayyorlab qo‘yganman, aynan ertaga ertalabdan olib bormoqchi edim, o‘zlaring kelib qoldinglar. Xozir olib chiqaman” deb uyidan qarzni to‘la-to‘kis olib chiqib beribdi. Buni ko‘rgan qarz bergan kishining aqli boshidan uchib ketibdi. Xozirgi til bilan aytganda shok xolatiga tushibdi. “Qanday qilib shuncha xarakat qilinganda, qancha odamlar aralashganda bitmagan ishni oddiy bir tikuvchi bir pastda hal qilsa-ya? Buning siri nimada? Tikuvchining qanday karomati bor ekan?” Shunda tikuvchining o‘zi izox beradi. Ancha yillar oldin odatdagidek kechqurun ishdan chiqib, uyga kelayotsam, ko‘chada bir xarbiy kishi bir ayolni majburlab bir xonadonga olib kirishga urinayapti. Ayol dod-voy solayapti. Qarasam, ayol maxallamizdagi oilali, bola-chaqali, insof-diyonatli ayol ekan. Shunda xarbiyga murojaat qildim: “Bu siz o‘ylagan buzuq ayol emas, uning eri, oilasi bor, uni qo‘yib yuboring”. Xarbiy kishi kuchli ekan, meni uloqtirib yubordi. Maxallaga borib, 3-4 nafar qo‘shnilar bilan kelib, uni insofga chaqirsak, barchamizni xaydab yubordi. Keyin nima qilishni bilmay, o‘ylab-o‘ylab, machitga borib, minoraga chiqib, azon aytdim. Azonni eshitgan odamlar xayron bo‘lib, chunki xali namoz vaqti emas edi, machitga to‘planishdi. Bundan xabar topgan xukmdor tikuvchini saroyga olib keltirib, voqeadan xabardor bo‘ladi. Xarbiy kishini olib kelib, unga jazo tayinlashadi. Keyin xukmdor tikuvchiga shunday vakolat beradi: “Qaerda adolatsizlik, nohaqlik, zo‘ravonlik bo‘lsa, darrov minoraga chiqib, azon aytasiz. Biz darxol buning chorasini ko‘ramiz”.
Qissadan xissa shuki, qaerdaki, xox davlatda, xox tashkilot yoki korxonada, oliy ta’lim muassasasida adolat tamoyili ustuvor bo‘lsa, o‘sha erda ahillik, inoqlik, eng muhimi yaxshi ijtimoiy muhit bo‘ladi, qaerda ahillik, xamjixatlik, yaxshi ijtimoiy muhit bo‘lsa, o‘sha erda mexnatning samarasi va barakasi bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar mohiyati odamlarning hayotdagi insoniy omilkorligini va ichki imkoniyatlarini yanada teranroq anglashga, his etishga chorlashdan iborat. Fuqarolarning, ayniqsa, mamlakat yoshlarining ma’naviy va jismoniy kamoloti Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi g‘oyasi orqali yuksak fuqarolik mas’uliyatini his qilish, anglash, uqish va tushunish hamda bevosita jamiyatga dahldorlik tuyg‘usi bilan uyg‘unlashuvi buyuk maqsadlarimizning amalga oshishida mustahkam poydevor bo‘ladi.

Jumaniyoz Ramatov,
Universitet professori