Toshkent davlat transport universitetida Kyune logistika universiteti vakillari bilan onlayn muloqot o‘tkazildi

Muloqotda Germaniyaning Kyune logistika universiteti tomoni va Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar va o‘zaro munosabatlarning istiqboli muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchisi Nabijon Qosimov tadbirni ochib berar ekan, ta’lim islohotlari O‘zbekistonni yanada rivojlantirish borasidagi rejalarning asosini tashkil etishini qayd etdi.

Onlayn-muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmonov universitet Germaniya Federativ Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikdan manfaatdor ekanligini ta’kidlab, qator qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, transport ta’limi sohasida xalqaro tajriba va standartlarni joriy etish bo‘yicha Kyune logistika universiteti bilan amaliy ishlarga kirishishga tayyorligini qayd etdi.

Shuningdek, muloqot davomida Toshkent davlat transport universiteti vakillari Kyune logistika universiteti bilan birgalikda joriy etilishi kutilayotgan ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalarni amalga oshirish taklifini bildirdilar.

Kyune logistika universiteti prezidenti, professor Tomas Strotott hozirgacha o‘zaro munosabatlar muloqotlar tarzida kechayotganligini qayd etib, amaliy jarayonga kirishish ikki tomon uchun ham muhimligini ta’kidladi.

Muloqot davomida uyg‘unlashtirilgan o‘quv dasturlarini yaratish, bakalavriat, magistratura va doktoranturaning qo‘shma ta’lim dasturlarini tuzish, shu jumladan ikki tomonlama diplom berish, akademik harakatchanlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Tomas Strotott Kyune logistika universiteti O‘zbekistonda transport sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha muhim loyihalarda ishtirok etish, ularni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanligi bildirdi.

Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmonov yaqin kunlarda Anglashuv memorandumini loyihasini taqdim etilishini ma’lum qildi.

Videomuloqot formatida tashkil etilgan uchrashuvda elchisi Nabijon Qosimov muloqot ishtirokchilari bilan suhbatlashdi va ularning taqdimotlarini kuzatdi.

Axborot xizmati