Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmonovning abituriyentlarga murojaati

Hurmatli abituriyentlar!

Bugun Sizning oldingizda mas’uliyatli vazifa turibdi. Bu o‘zingiz ro‘baro‘ kelayotgan kelajak yo‘llaridan birini tanlashdir. Aynan shu tanlov muvaffaqiyatingiz tamal toshiga aylanadi. Bu parvozlar, hayrat va hayajonlar, birinchi xato va ilk kashfiyot qilish yo‘li. Eng asosiysi, aynan shu qaror bilan o‘z maqsadingiz va umringiz davomida butun imkoniyatlaringizni ochib beradigan kasbni tanlaysiz!

Ayni kunlarda, Toshkent davlat transport universiteti e’tibori mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan yoshlar orasidan erkin fikrlaydigan va keng tafakkurga ega iqtidorlarni jalb etishga qaratilgan.

Hech kimga sir emaski, jahonda koronavirus pandemiyasi sababli muammolar chuqurlashib borayotgan ayni kunlarda ta’lim sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning qadri yanada oshdi. Ziyoli yoshlar davlatning o‘ziga nisbatan ishonch va qat’iyat tuyg‘usini uyg‘otdi. Shuningdek, deyarli har kuni takomillashib borayotgan, yangiliklari bilan o‘zini namoyon etayotgan misli ko‘rilmagan ilmiy-texnologik musobaqaning, keskin innovatsion raqobatning guvohi bo‘lib turibsiz.

Ta’lim – milliy birdamlikka xizmat qilishi va barcha uchun imkoniyatlar kaliti sifatida qadrlangan. Toshkent davlat transport universiteti, yoshlarga ta’lim berish bilan bir qatorda, rivojlanish muhitida doimo bo‘lish, o‘z iste’dod va qobiliyatlarini maksimal darajada oshirish imkoniyatini yaratish yo‘lida izlanishlar olib bormoqda.

Transport kompleksi har doim iqtisodiyot rivojlanishini belgilab beruvchi omil bo‘lgan. Shubhasiz, transport sohasida yosh, o‘ziga ishongan va o‘z sohasini yaxshi biladigan mutaxassislarga talab yuqori. Universitet talabalarga transport kompleksi bilan bog‘liq bo‘lgan eng ilg‘or mutaxassisliklar bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish imkoniyatini taqdim etadi.

Hurmatli bo‘lajak talabalar va magistrantlar!

Ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lida hormang, charchamang! O‘qish-o‘rganish, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashash doimo hamrohingiz bo‘lsin!

Toshkent davlat transport universiteti jamoasi salohiyat va imkoniyatlari bilan Sizni kelajakda faxr bilan yashashga, buyuk orzularingiz ro‘yobi yo‘lida beminnat tayanch, ko‘makchi va «ijtimoiy lift» vazifasini bajarishdan hech qachon charchamaydi.

Fursatdan foydalanib, bugungi raqobat sharoitida Sizlarni to‘g‘ri tanlov qilganingiz bilan tabriklayman va barchangizga ta’lim hamda amaliyotda muvaffaqiyatlar tilayman.

Odil Abduraxmonov,
Toshkent davlat transport universiteti rektori