Institut rahbariyati talaba-yoshlar bilan onlayn muloqot o‘rnatdi

Joriy yilning 7-8 iyul kunlari institut rahbariyati bilan shakllanayotgan universitet talaba-yoshlari ZOOM dasturi orqali onlayn tarzda ochiq muloqot o‘tkazdi.

Davomli onlayn muloqotlarda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Abdulaziz Gulamov talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Onlayn uchrashuvda bakalavriat, magistratura, dekanat xodimlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Prorektor Abdulaziz Gulamov videoaloqada institutda oxirgi oylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim va tarbiya sohasida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida batafsil so‘zladi. Karantin sharoitiga qaramasdan, sidqidildan mehnat qilib, onlayn mashg‘ulotlarni tashkil etishda, elektron ta’lim resurslarini yaratishda hissasini qo‘shib kelayotgan ma’muriyat va professor-o‘qituvchilar hamda faol talabalarga o‘zining minnatdorchiligini bildirdi.

Ochiq va samimiy tarzda o‘tgan muloqot davomida talabalar tomonidan ko‘plab savollar kelib tushdi. Ularning aksariyati o‘quv jarayoni, semestr yakuni va shakllanayotgan universitetga doir bo‘ldi. Abdulaziz Gulamov barcha savollarga batafsil javob qaytardi.

Prorektor ochiq muloqotda qabul jarayonlari, yangi o‘quv yilining rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Axborot xizmati