O‘zbekistonda Fransiyaning nufuzli kompaniyalari ko‘magida avia mutaxassislar tayyorlanadi

Toshkent davlat transport universiteti rahbariyati 30 iyun kuni Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC – École nationale de l’aviation civile), Tuluza biznes maktabi hamda “Airbus” kompaniyasining vakillari bilan videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi.

Shu yilning 30 iyun kuni Toshkent davlat transport universitetida Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC – École nationale de l’aviation civile), Tuluza biznes maktabi hamda “AIRBUS” kompaniyasi vakillari bilan videoaloqa orqali muzokaralar o‘tkazildi. Videoaloqa Fransiya elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Unda universitet rektori Odil Abdurahmanov ENAC maktabining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Nikolas Kasalis, ENAC uchuvchilar maktabi direktori Teri de Baskia, «AIRBUS» kompaniyasining xalqaro ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti Silver Delunay, THALES kompaniyasining savdo masalalari bo‘yicha direktori Orson Storar va boshqalar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

– Fransiya O‘zbekiston davlati rahbarining shaxsiy tashabbusi asosida olib borilayotgan tub islohotlar, jumladan, ta’lim sohasini barqaror rivojlanishga qaratilgan siyosatini yuksak baholaydi, – dedi ENAC uchuvchilar maktabi direktori Teri de Baskia.

Videomuloqotda Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi, Tuluza biznes maktabi hamda “AIRBUS” kompaniyasining vakillari bilan Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasidagi istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar yakunida quyidagi yo‘nalishlarda memorandum tuzishga kelishib olindi:

– Toshkent davlat transport universitetida o‘quv bazasini yaratish;

– fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash yuzasidan bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzish;

– uchuvchilarni tayyorlash maqsadida talabalar akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish;

– professor-o‘qituvchilarni Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabida malaka oshirish va stajirovka dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuborish;

– uchuvchilarni tayyorlash dasturlari bo‘yicha o‘qitish shart-sharoitlarini tashkil etish;

– Fransiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish.

Shuningdek, avia sohasida PhD va DSc doktorant hamda ilmiy tadqiqotchilarga Frantsiya maktabi olimlari va mutaxassislarini ilmiy maslahatchilik, opponentlik va taqrizlar berishga jalb qilish borasida fikrlar bildirildi.

Аxborot xizmati