Qutlug‘ 70 yoshingiz muborak, ustoz!

Bugun TTYMI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Adilxodjaev Anvar Ishanovich muborak 70 yoshni qarshi oldilar.

Anvar Ishanovichni 70 yoshga to‘lishlari munosabati bilan jamoamiz nomidan qizg‘in muborakbod etamiz. Mana shunday fayzli sanada ularga boqiy umr, sihat-omonlik, metin iroda hamisha yo‘ldosh bo‘lishini tilaymiz. Mas’uliyatlik, mehnatsevarlik, fidoiylik (fidoyilik, lug‘atda fidoyi) va maqsad sari olg‘a intilishlik kabi xislatlari barchamiz uchun namunadir. Anvar Ishanovich kabi bir inson siymosida qattiqqo‘lliq va e’tiborlilik, talabchanlik va mehribonlik, aql-zakovat va hazilkashlik kabi betakror xususiyatlar uyg‘unlashgan. Mehnat faoliyati davomida maslahatlarini ayamay, jonkuyarlik bilan tajribalari bo‘lishib kelayotganliklari uchun minnatdormiz.

Anvar Ishanovichning rahbarligi ostida institutning an’analari qayta tiklandi. Institut miqyosida yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan, oliy ta’lim muassasasiga xos barcha faoliyat yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan oliygohni har tomonlama rivojlantirish rejasi va dasturlari ishlab chiqildi. Ularning ijrosini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Xususan, institutda katta hajmda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi, o‘quv-laboratoriya bazasi mustahkamlandi, zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilindi, talabalar turar joylari zamon talabiga mos darajaga keltirildi, institut hududida keng qamrovli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Talabalar, professor-o‘qituvchilar va o‘quv-yordamchi xodimlar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Aspirantura va doktorantura bosqichlarida yosh ilmiy-pedagog xodimlar tayyorlash ishlari boshlandi. O‘zbek va rus tillarida sohaga oid zamonaviy yangi avlod darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari va o‘quv-uslubiy majmualar tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Kadrlar tayyorlash ishlari sifatini yaxshilash, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirish maqsadida temir yo‘l poligoni tashkil etildi va zarur uskunalar, trenajer va asbob-anjomlar bilan jihozlandi.

Shuningdek, sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq, yagona maqsad sari intiluvchi hamfikr jamoani shakllantirishga erishildi. Institut va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlarining bevosita uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, viloyatlar yoshlari o‘rtasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish kabi maqsadli harakatlarni amalga oshirib, bu borada ham ulkan samaraga erishildi. Institutning xalqaro aloqalari tiklandi va mustahkamlandi. Xorijning etakchi temir yo‘l oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Institut ilmiy-pedagogik salohiyatini mustahkamlash va professor-o‘qituvchilar tarkibini yoshartirish maqsadida, institutning talabalari va yosh pedagoglarini xorijning etakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlarini davom ettirishlari uchun sharoitlar yaratildi. Bitiruvchilarni ishga taqsimlash ishlari qayta yo‘lga qo‘yildi.

Hurmatli Anvar Ishanovich! Xonadoningiz ahilligi va tinchligi davomli bo‘lishini, o‘zingiz va Sizga aziz bo‘lgan barcha yaqinlaringizga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va to‘kin-sochinlikni tilaymiz. Hayotingizning har bir kuni xayrli, fayzli, barokatli va halovatga to‘la bo‘lsin. Qalbingizga tugib qo‘ygan niyatlaringiz ijobatini ko‘rishlikni Alloh nasib aylasin. Jamoangiz sizni hurmat qiladi, qadrlaydi va Siz bilan faxrlanadi. Tavallud ayyomingiz qutlug‘ bo‘lsin!

 

Institut ma’muriyati