Transport sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha yagona taʼlim xabi tashkil etildi

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada tub oʻzgarishlari davrini boshlab beradi.

Zero, qarorga muvofiq, Toshkent davlat transport universiteti tashkil etildi. Mazkur universitetda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab 1-kurs taʼlim yoʻnalishlari uchun taʼlimning kredit-modul tizimi joriy etiladi. 2024-yilga borib barcha kurslar kredit-modul tizimi bilan qamrab olinadi.

Universitetni strategik rivojlantirish masalalari boʻyicha rektorning birinchi oʻrinbosari lavozimiga malakali xorijiy mutaxassis jalb qilinishi anʼanaviy yondashuvlardan voz kechib, jahon tajribasidagi ilgʻor yechimlardan foydalanib, kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, transport sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, oʻquv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan qadam deb hisoblash mumkin.

Ushbu qaror bilan tashkil etilayotgan Universitetga taʼlim yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritish, oʻquv rejalari va dasturlarini, bitiruvchilarga qoʻyiladigan malaka talablarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash, “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha ishlarning bajarilishini ragʻbatlantirib borish, Scopus va Web of Science kabi maʼlumotlar bazasiga kirgan xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish sarf-xarajatlarini moliyalashtirish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash, amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qoʻllash kabi huquqlar berildi.

Oʻquv jarayonlarini tashkil etish, ijtimoiy faoliyatni yoʻlga qoʻyish maqsadida Universitet hududida 2020-2022-yillarda yangi oʻquv binosi, talabalar turar joyi va axborot-resurs markazi binolari qurilishi belgilandi.

Oʻquvchilar orasida seleksiya ishlarini tashkil etish, intellektual qobiliyatli yoshlarni tayyorlash uchun Universitetning akademik litseyi tashkil etildi.

Temir yoʻl transporti, aviatsiya taʼlim yoʻnalishlari talabalarining kelgusida mehnat faoliyati xususiyatlari va oʻquv amaliyoti, transport vositasi harakati hamda insonlar hayoti xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlganligi sababli ushbu yoʻnalishlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot komissiyasidan oʻtish tartibi saqlab qolindi.

Universitetda professor-oʻqituvchilar va xodimlarning mehnat faoliyatini samaradorlik koʻrsatkichlari (QPI) asosida baholash boʻyicha ragʻbatlantirish mexanizmi joriy etiladi. Bunda koʻp yillik mehnat faoliyati, masʼuliyatliligi, xalqaro ilmiy koʻrsatkichlardagi oʻrni kabi parametrlardan kelib chiqib, avtomatlashtirilgan monitoring tizimi natijalari asosida ragʻbatlantirish belgilanadi. Bu holat bevosita har bir xodim, professor-oʻqituvchi uchun eng muhim motivatsiya boʻlib, taʼlimdagi samaradorlikni taʼminlab berishga yoʻnaltiriladi.

Rivojlangan mamlakatlar oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish orqali sohaga oid yetakchi xorijiy oliy taʼlim markazlari va ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatiladi, bakalavriat

va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha “qoʻshma diplom”, akademik mobillik hamda yozgi maktablar boʻyicha integratsiyalashgan innovatsion taʼlim dasturlarini tashkil etiladi.

Universitet professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyatini yilma-yil oshirib borish evaziga 2024-yilda 53 foizgacha yetkazish belgilandi.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Germaniya tajribasi asosida oʻquv-amaliyot markazlari va ishlab chiqarish obyektlarida talabalarning amaliy darslari va malakaviy amaliyotlarini nazariy oʻquv jarayonidan uzilmagan holda, dars jadvaliga koʻra oʻtkazish mexanizmi joriy etiladi. Bunda dars jadvaliga asosan haftaning bir kunini amaliyot kuni deb belgilash orqali talabalar ishlab chiqarish amaliyoti samarali tashkil etiladi.

Talabalarni buyurtmachi tashkilotlarga biriktirib, oʻqishni yakunlagunga qadar mazkur tashkilotlarda malakaviy amaliyotni boʻlajak ish joylarida oʻtash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Dilshod Baratov,  Toshkent davlat transport universiteti prorektori

 

«Xalq so’zi» saytidan olindi