Universitetimizning xorijdagi talabalariga e’tibor qaratilmoqda

Bugungi kunda Shimoliy Kavkaz kon-metallurgiya institutida tog’-kon, geologiya, metallurgiya, energetika, mexanika va informatika yo’nalishlarida o’zbekistonlik 102 nafar talaba tahsil olmoqda. Mazkur loyiha ushbu oliy o’quv yurti va Toshkent davlat transport universiteti o’rtasidagi ikki tomonlama kelishuvi asosida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, COVID-19 koronavirusi bilan bog’liq dunyo miqyosidagi pandemik vaziyatni hisobga olgan holda, talabalarimiz hozirda institutning yotoqxonasida yashab masofadan turib ta’lim olishmoqda. Buning uchun oliy dargoh tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, xar kuni uch mahal issiq ovqat ta’minoti tashkil etilgan, shuningdek talabalarimiz gigiena vositalari va tibbiy niqoblar bilan ham ta’minlangan. Shu bilan birga, «O’zbekiston temir yo’llari» AJ oliygoh ma’muriyati bilan doimiy aloqada bo’lib, kelajak avlodni qo’llab-quvvatlamoqda. Xususan, har bir talabaga 2 million so’m miqdorida har oyda stipendiya hamda yotoqxonada yashashlari uchun to’lovlarni vaktida amalga oshirishda yordam bermoqda. Shuningdek, yozgi ta’til paytida ularning xavfsizliklarini ta’minlab O’zbekistonga qaytish masalasini ham «O’zbekiston temir yo’llari» AJ tomonidan ko’rib chiqmoqda.

Yaqinda oliygoh yotoqxonasiga O’zbekiston milliy terma jamoasining sobiq a’zosi, erkin kurash bo’yicha ko’p marta Olimpiya chempioni, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi a’zosi Artur Taymazov tashrif buyurdi va o’z hisobidan o’zbekistonlik talabalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minladi.

– Bu erda qariyib 100 nafarga yaqin o’zbekistonlik talabalar istiqomat qiladi, – deydi A.Taymazov. – O’zbekiston mening ikkinchi Vatanim, mening sevimli diyorim ekanligini hamma biladi. Mening barcha sport faoliyatim, undagi yutuqlarim O’zbekiston bilan chambarchas bog’liq. Men ushbu ajoyib mamlakatni, o’zbek xalqini juda yaxshi ko’raman. Biling-ki, agar rossiyalik yaqinlarimiz O’zbekiston yurtida shunga o’xshash vaziyatga tushib qolsa, shubhasiz, o’zbekistonlik xalq ularni e’tiborsiz qoldirishmaydi. O’zbekiston dunyodagi mehmondo’st mamlakatlaridan biridir. Karantindan keyin albatta O’zbekistonga borish istagim bor!

Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 yanvardagi PQ-3473-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Tebinbuloq koni bazasida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi» investitsiya loyiha, mahalliy xomashyodan foydalangan holda zamonaviy po’lat ishlab chiqarishni tashkil etish hisobiga o’z metallurgiya majmuasini tashkil etish, eksport salohiyatini oshirish va importni kamaytirishni maqsad qiladi. Tebinbuloq titanomagnetit rudasi konlariga asoslangan mahalliy xom ashyolardan foydalangan holda zamonaviy po’lat ishlab chiqarishni tashkil qilish orqali o’z metallurgiya majmuasini yaratish shuningdek, eksport salohiyatini oshirish va importni qisqartirib, mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo, neft-gaz va qurilish sohasidagi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. 2018 yil oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O’zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida «Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar» shiori ostida Birinchi Rossiya – O’zbekiston ta’lim forumi bo’lib o’tdi. Unda ikki davlatning yetakchi oliygohlari o’rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash tartibi forum dasturida muhim o’rin egalladi. Tebinbuloq konidagi titan-magnetit rudalarining eng katta zaxiralarida faoliyat olib  borish uchun ixtisoslashgan mutaxassislar Shimoliy Kavkaz kon-metallurgiya institutning bitiruvchilari bo’lishi ko’zda tutilgan.

railway.uz saytidan olindi