“Muhandislik kommunikatsiyalari va tizimlari” kafedrasida zamonaviy laboratoriya ishga tushdi

Ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish hamda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash soha rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Ta’lim sohasidagi sifat o‘zgarishlari va ularning jahon ta’lim talablari bilan mosligi nazariyani qay darajada amaliyotga tatbiq qilinayotganligiga bog‘liq.

Shu o‘rinda, “Muhandislik kommunikatsiyalari va tizimlari” kafedrasining o‘quv laboratoriyalarida talabalarning institutdan chiqmasdan, bevosita sanoat korxonalaridagi sharoitdan kam bo‘lmagan tarzda bilimlarini oshirish imkoniyati mavjudligini qayd etish o‘rinlidir.

Bugunga kelib, kafedraning “Gidravlika” laboratoriyasi zamonaviy, xalqaro standartlarga to‘liq javob beruvchi o‘quv laboratoriya jihozlari bilan ta’minlandi. Natijada talabalarga davlat ta’lim standartlari talablari darajasida bilim berish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.

Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan yuqori darajadagi aniqlikka ega bo‘lgan “Suyuqlik eksperimental mexanikasi”, “Markazdan qochma nasoslar” va “Filtrlovchi grunt qatlamining gidravlik tavsifi” laboratoriya stendlari va virtual laboratoriyalar Dasturiy ta’minoti orqali talabalar 6-7 turdagi laboratoriya mashg‘ulotlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 “Suyuqlik va gaz mexanikasi”, “Binolarning muhandislik kommunikatsiyalari”, “Gidravlika va muhandislik tarmoqlari”, “Nasos va havo uzatish stantsiyalari” va “O‘zan oqimlarining dinamikasi” fanlaridan o‘tkaziladigan laboratoriya mashg‘ulotlari “Gidravlika” laboratoriyasi auditoriyalarida tashkillashtirilmoqda.

“Gidravlika” laboratoriyasida turdosh oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda binar tizimi asosida laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi. Turdosh kafedra olimlarning laboratoriyaga tashrifi va muhandislik kommunikatsiyalari tizimi muammolarini o‘rganish borasida aloqalar mustahkamlanmoqda. Misol o‘rnida, modernizatsiyalangan “Gidravlika” laboratoriyasi bilan tanishish, kafedra ish yuritish va istiqbolli rejalarini bilish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi olimlarning tashrifini keltirish mumkin. Tashrif davrida kafedralar o‘zaro o‘quv reja va dasturlarni takomillashtirishda doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muhandislik kommunikatsiyalari bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish, ularni amaliyotga tadbiq etish, ikki kafedraning aloqalarini mustahkamlash va o‘quv-metodik hamda ilmiy-uslubiy yo‘nalishlarda tajriba almashish borasida kelishuvlar amalga oshirildi.

Toshkent arxitektura va qurilish institutining «Injenerlik kommunikatsiyalarini loyihalash, qurish va ishlatish» kafedrasining professor-o‘qituvchilari D.Kuchkarova va N.Najmiddinova yetakchiligida talabalar institutimiz talabalari bilan birgalikda laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

Shu o‘rinda zamonaviy jihozlar ko‘magida bajarilayotgan laboratoriyalar ishlari hususida ham ma’lumot berish maqsadga muvofiqdir.

Masalan, “Suyuqlik eksperimental mexanikasi” laboratoriya qurilmasi orqali:

  • Suyuqlik harakati tartiblari: laminar va turbulent oqimlarni o‘rganish;
  • Bernulli tenglamasining namoyishi;
  • Quvur uzunligi bo‘yicha bosim yo‘qotilishi. Gidravlik ishqalanish koeffitsientini aniqlash;
  • Bosimning tushish kattaligi bo‘yicha Venturi trubkasida suv sarfini o‘lchash usulini o‘rganish;
  • Rotametrni o‘rganish;
  • Nasosning bosim-sarf xarakteristikasini tadqiq qilish;
  • Nasoslar ketma-ket ulanganida ularning bosim-sarf xarakteristikasini tadqiq qilish;
  • Nasoslar parallel ulanganida ularning bosim-sarf xarakteristikasini tadqiq qilish kabi laboratoriya ishlarini bajarishga moslashtirilgan.

Markazdan qochma nasoslar” laboratoriya qurilmasi quyidagi laboratoriya ishlarini amalga oshirish mutsmkin:

  1. Turli aylanish chastotalarida nasosning ishchi va kavitatsion xarakteristikalarini tadqiq qilish;
  2. Ikkita parallel ulangan nasoslarning ishlashini tadqiq qilish;
  3. Ikkita ketma-ket ulangan nasoslarning ishlashini tadqiq qilish.

“Filtrlovchi grunt qatlamining gidravlik tavsifi” laboratoriya qurilmasi ko‘magida:

  • Qumli gruntning filtrlash koeffitsientini aniqlash,
  • Grunt modelining o‘qi bo‘ylab bosim taqsimlanishini o‘rganish
  • Turli fraktsiyadagi gruntlarning singdirish qobiliyatini tadqiq qilish laboratoriya ishlarini bajarish mumkin.

“Gidravlika virtual laboratoriyasi” quyidagi virtual laboratoriyalardan iborat:

  1. Paskal qonunini o‘rganish;
  2. Suyuqlikning nisbiy muvazanati;
  3. D.Bernulli tenglamasi;
  4. Suyuqlikning ikki xil harakat tartibi;
  5. Gidravlik qarshiliklar;
  6. Suyuqlikning oqib chiqishini o‘rganish;
  7. To‘g‘ri gidravlik zarb;
  8. Filtratsiya jarayonini o‘rganish;
  9. Qurilmaning 7 ta kesmasida D.Bernulli tenglamasi;
  10. Ochiq o‘zanlarda suv harakatini o‘rganish (konstruktsiyasiz);
  11. Keng ostonali suv oqib tusharlar;
  12. Amaliy profildagi suv oqib tusharlar;
  13. Yupqa devorli to‘g‘riburchakli suv oqib tusharlar;
  14. Yupqa devorli trapetseidal suv oqib tusharlar;
  15. Tomson suv oqib tusharlari;
  16. Yo‘l osti quvuri;
  17. Ko‘prik osti o‘zani

“Suyuqlik eksperimental mexanikasi”, “Markazdan qochma nasoslar”, “Filtrlovchi grunt qatlamining gidravlik tavsifi” qurilmalari to‘liq kompyuterlashtirilgan, tajriba natijalari qurilmaning sensorli displeyida namoyon bo‘ladi. Bu displey yordamida tajribani parametrlarin o‘zgartirib boshqarish ham mumkin. Undan tashqari bosim o‘lchash p’ezometrlari o‘rnatilganligi o‘lchash aniqligini tekshirish imkonini beradi. Qurilmalarga kompyuter qurilmasi (noutbuk) ulab, tajribani to‘liq kompyuter qurilmasi (noutbuk)da boshqarib, natijalar olish mumkin.

Manba: “Muhandislik kommunikatsiyalari va tizimlari” kafedrasi axboroti