Gul olmagan go‘zallar

Robot-farrosh! LG kompaniyasi jahondagi eng yirik aeroportlardan biri shunday ixtironi joriy etibdi. Hayratlanarli jihati robot qaysi hududlarda tozalash ishlarini ko‘proq bajarish kerakligini aniqlashga har qancha urinmasin, uning xotirasidagi ma’lumotlar eng maqbul yo‘nalishlarni belgilab berolmayotgan ekan.

Shukurki, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining muhtasham hududini robot-farroshlar emas, balki o‘zbek ayollari – Onalarimiz obodonlashtiradi. Bu ayollar ming-minglab talabalaru, necha yuzlab o‘qituvchilarga sarishtaligi bilan bilan kayfiyat ulashadi. Institutning har qarich joyini tozalab, orasta holga keltirayotgan, o‘qiyotgan, ishlayotgan joylarimizni farishtalar oshyoniga aylantirayotgan, fayz-baraka, xotirjamlik olib kirayotganlarga ta’zim…

Erta tongdan ob-havoning injiqliklariga qaramay shijoat bilan institut yo’laklarini supurayotgan ayollarga ko‘zim tushadi. Kunning sovug‘i, yozning jaziramasi go‘yo ularga tahdid qilmayotgandek. Qo‘liga supurgini olib, tozalaydi, chiqindilarni yig‘ishtiradi. Ich-ichimdan ularga rahmatlar aytaman. Boisi… Boisi juda ko‘p.

Xizmat lavozimim yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlarini kutib olishimga, institut mehmonlarini yonida yurishimga to‘g‘ri keladi. Barchasi saranjom-sarishtalikka tahsinlar o‘qiydi. Televideniya kamerasini qaysidir o‘qituvchining darsiga olib kirishni mulohaza qilishim mumkindir. Lekin hech ikkilanmay institutning har burchagidagi obodonchilikni ko‘z-ko‘z qilaveraman. Ozodalik posbonlari qalbidagi muhabbat, kasbiga fidoyilik tufayli bu ishlarni vijdonan bajarishadi. O‘z ishini professorlari – farrosh supuruvchilarga ming bora rahmat…

Obodonlashtirish xodimlari bilan suhbatlashib, ularning bir kunlik mehnati qanchalik og‘ir ekanligini his qilasiz. Ularga bayramlarda quchoq-quchoq gul kerak emasdir. Ularning mehnatiga hurmat kerak.

Qarang, tong saharda ayollarimiz yo’laklarni supuryapti, xojatxonalarni tozalayapti. To‘xtang, unga salom bering, iloji bo‘lsa, «Hormang opa», deb qo‘ying. Bugun esa, albatta nafosat bayrami bilan tabriklang!

 

Dilshod Rahmatov
Institut matbuot kotibi

Institutning rasmiy telegram kanali:https://t.me/ttymi1931