Korruptsiyaga qarshi kurash – dolzarb masala

12 fevral kuni Toshkent temir yo‘l muhanidislari institutida Davlat xavfsizlik xizmati xodimi Jahongir Mengniyozov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davlatimiz rahbarining Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga qilgan Murojaatnomasida alohida e’tibor qaratgan masalalardan biri – “korruptsiya” illati yuzasidan tashkillashtirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar murojaatnomada korruptsiya masalasiga alohida urg‘u berilganligini qayd etdilar. Ayniqsa, parlament va Prezidentga hisob beradigan, korruptsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etish bilan bog‘liq taklifning kiritilganligi barcha sohalarda rivojlanishni, yurtimiz egalarining mustahkam bilim olishlarini ta’minlashda muhim poydevor bo‘lishi to‘g‘risida tushuntirildi.

Bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda jamiyatning har bir bo‘g‘ini faoliyatiga nisbatan e’tibor bilan yondashishi, ushbu illatga qarshi kurashishda o‘zida kuch topa olishi shart, – dedi Jahongir Mengniyozov. – Shundagina mamlakatimiz ravnaqi uchun o‘z hissamizni qo‘sha olamiz, yurt uchun yonib yashaydigan avlodlarni tarbiyalay olamiz, jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘la oladigan kadrlarni shakllantira olamiz. Zero, Murojaatnomada “Biz korruptsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak” deya aytib o‘tilgan fikr ham hayot tarzimizni shakllantiruvchi shior bo‘lishi shart!

Yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga oliy ta’lim muassasalarida kuzatilayotgan korruptsiya holatlari va yuzaga kelish shart-sharoitlari bilan bog‘liq film havola etildi.

Yig‘ilish so‘nggida ta’magirlik bilan bog‘liq holatlar muhokama qilindi. Xususan, o‘qituvchilarning talabalar bilan muloqotda bo‘lishi, ularni qiziqtirayotgan muammolar haqida doimiy xabardorligi, muammolarni yechishda hamkor ta’lim bo‘g‘inlari (dekanat, murabbiy) bilan aloqani mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Axborot xizmati