Zokir Almatov: Mamlakat poydevori deganda, yoshlarni tushunaman…

Shu yilning 22 yanvar kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov tashrif buyurdi.

O‘zbek militsiyasining otasi Zokir Almatovni institut rektori Ma’rufjon Rasulov kutib oldi. Institut rahbari va general-polkovnik Zokirjon Almatov  yoshlar tarbiyasi xususida suhbatlashdilar. Muloqotda yoshlar ta’lim-tarbiyasining yangi davri – 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha  ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo’yicha general-polkovnik Zokirjon Almatovning tavsiyalari tinglandi. O’z o’rnida rektor Ma’rufjon Rasulov bu boradagi rejalarini bildirdi.

Institut majlislar zalida general-polkovnik Zokirjon Almatov va O‘zbekiston Xalq artisti Yodgor Sagdiev ishtirokida tadbir o‘tkazildi. Tashkil etilgan yig‘ilishga professor-o‘qituvchilar, xodimlar, Yoshlar ittifoqi faollari va talabalar taklif etildi. Yig‘ilishni institut rektori Ma’rufjon Rasulov boshqarib bordi.

Ochiq va oshkora ruhda o‘tgan muloqotda mamlakatimizda yoshlar masalasiga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilayotganligi, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, iqtidorini rivojlantirish, axborot xurujlari va nosog‘lom muhitdan himoyalash kabi masalalarda fikrlashildi.

– Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq, – dedi Zokirjon Almatov. –  Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning mustahkam poydevori deganda, hech mubolag‘asiz, ko‘z oldimga yoshlar keladi. Yutuqlarimiz bilan bir qatorda ayrim yoshlar o‘rtasida zararli odatlarga ruju qo‘yish holatlari uchrab turganligini inkor qilib bo‘lmaydi.

General-polkovnik Zokirjon Almatov yoshlar o‘rtasida ichkilikbozlik va tamakiga ruju qo‘yish, yoshlar o‘rtasida suitsid, yoshlarning jamiyat uchun ijtimoiy xavfli jinoyatlari, tarbiyasi og‘ir yoshlarning g‘oyaviy-siyosiy madaniyati kabi o‘nlab dolzarb masalalarni o‘zining boy va serqirra faoliyati davomidagi kuzatuvlari misolida ochib berdi.

– Zamonaviy bozor munosabatlari  va global tendensiyalar yosh avlodning hayotiy qadriyatlariga va axloqiy qoidalariga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo ular hamisha ham ijobiy va yaratuvchilikka olib kelmaydi, – deydi Qurilish fakulteti ikkinchi bosqich talabasi Otabek Qobilov. – Zokirjon Almatov kabi salohiyatli va chuqur mulohazali insonlar bilan suxbatlar nuqsonlarimiz haqida chuqurroq fikrlashimizga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga etishi bilan bog‘liq” degan so‘zlari yoshlarga atroflicha etkazildi. Talaba-yoshlar qalbida yuksak ma’naviyatni shakllantirishda kitob va kitobxonlikning ahamiyati beqiyosligi ta’kidlandi.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Xalq artisti Yodgor Sagdievning o‘zbek san’ati va boy ma’naviy merosimiz haqidagi mulohazalari tinglandi.

 Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar oshkora muhokama qilindi.

Axborot xizmati.