Fotoreportaj: General-polkovnik Zokirjon Almatovning tashrifi qanday o‘tdi?

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga Ichki ishlar vazirining maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatov tashrif buyurdi.

22 yanvar kuni o‘zbek militsiyasi otasi Zokir Almatov Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif avvalida institut rektori Ma’rufjon Rasulov bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida yoshlar tarbiyasi, ularni axborot xurujlari va nosog‘lom muhitdan himoyalash kabi ko‘plab masalalarda fikrlashdi.

Institut rahbari bilan muloqotda o‘zining boy tajribasi va serqirra faoliyati davomida yoshlar tarbiyasining murakkab chizgilari yuzasidan mulohazalarini bildirdi.

Institut majlislar zalida tashkil etilgan yig‘ilishga professor-o‘qituvchilar, xodimlar, Yoshlar ittifoqi faollari va talabalar taklif etildi. Yig‘ilishni institut rektori Ma’rufjon Rasulov boshqarib bordi.

Sobiq Ichki ishlar Vazirining yoshlar muammolari xususidagi mulohazalari va jonli misollari yig‘ilish ishtirokchilarining o‘z xarakatlarini yanada chuqurroq anglashga turtki bo’ldi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoevning: “Barchamizga ayon bo‘lishi kerakki, qaerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha erda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qaerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha erda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi” degan so‘zlari yoshlarga atroflicha etkazildi.

Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Muloqotning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Xalq artisti Yodgor Sagdiev ishtirokida davom ettirildi. Yodgor Sagdiev dunyoda tinchlikni saqlash va barqaror rivojlanishda ta’limning ahamiyati hususida so‘z yuritdi.

 

 

O‘zbekiston Xalq artisi Yodgor Sagdiev ta’lim, mutolaa, adabiyotga ixlosmandlik to‘g‘risidagi sharq faylasuflari, jumladan Konfutsiy ta’limotini tahlil qilib berdi: “Bir yil kun ko‘rmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek. 10 yil yashamoqchi bo‘lsang, daraxt parvarishla. Umring davomida bekamu-ko‘st hayot kechirmoqchi bo‘lsang, ilm egalla…”

Tadbir kuy-qo‘shiqlarga ulandi.

Muloqot ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritildi.

Mehmonlar talabalar bilan suratga tushdi.

Suratlar muallifi – Uktamxon Asomiddinov

Axborot xizmati.