Yangi davrning yangi imkoniyatlari

Qaror ijrosi

Oliy ta’lim mamlakatning ertangi taraqqiyotini belgilab beradigan, jamiyat hayotining barcha jabhasini isloh etishda hal qiluvchi vazifani bajaradigan omil sanaladi. Shu bois yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oliy ta’lim tizimi sifati va samaradorligini tubdan oshirish har bir mamlakatning ijtimoiy siyosatining asosiy negizini tashkil etadi.

Tizimda hanuzgacha saqlanib qolayotgan muammolar yechimi ko‘p jihatdan oliy ta’lim yurtlarining moliyaviy resurslar taqchilligi bilan izohlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrda e’lon qilingan “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi muhim qadam bo‘lib, tizimni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Qaror oliy ta’lim tizimining bozor munosabati talablari darajasida rivojlanishiga, moliyaviy resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanish maqsadini ko‘zlaydi. Shu sababli qaror bilan oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning maqsadli mezonlarini shakllantirish orqali ta’lim muassasalarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

Bu yondashuv oliy ta’lim tiziminining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoniga moslashuvchanligini oshirish bilan bir qatorda, tizimga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etib, tizimda samaradorlikni yuksaltirishning muhim sharti bo‘lib xizmat qiladi. Shu narsa ayonki, oliy ta’lim muassasasining taraqqiyot strategiyasini belgilashda konkret moliyaviy parametr va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan manzilli rivojlantirish dasturlari yo‘qligi ayni haqiqat.

Bu qaror oliy ta’lim muassasasining moliya yili uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi (unda muassasaning asosiy faoliyati ko‘rsatkichlari jumladan, muassasada kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishning maqsadlari, rejalashtirilayotgan natijalari va tahlili ko‘rsatiladi) hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini muhokama qilish imkoniyati beradi. Qaror asosida oliy ta’lim muassasasi infratuzilmasiga servis xizmatlari ko‘rsatishning alohida turlarini joriy etish, jumladan bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport ob’ektlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, kompьyuter texnikasi va telekommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlar ko‘rsatishni autsorsing shartlarida tashkil etish masalalari yechim topadi.

Mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan muayyan choralar ko‘rilmoqda. Biroq shiddat bilan o‘zgarib, oldimizga o‘ta muhim va dolzarb vazifalar qo‘yayotgan bugungi zamonda faqat tashkiliy ishlarning o‘zi yetarli emas. Tizimda aksariyat muammolar inson omili, ya’ni aksariyat professor-o‘qituvchilarning faoliyati bugungi kun talablariga javob bermasligi bilan bog‘liq bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Professor-o‘qituvchilarning asosiy qismi o‘z ustida ishlamasligi, eski qolip va mezonlar doirasida qotib qolganligi achchiq haqiqat. Professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlarning dunyoqarashini, shaxsiy mas’uliyati va o‘z kasbiga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirmasdan turib, oliy ta’lim tizimida islohotlar samaradorligiga erishish mushkul. Binobarin, qarorda professor-o‘qituvchilarning kasb mahoratini oshirishning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, professor – o‘qituvchilarga zamonaviy shart – sharoitlarni yaratish, ularga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilash, yangi avlod adabiyotlarini yaratayotgan professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirib borish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Albatta, qaror bilan oliy ta’lim tizimida moliyaviy boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, ularga byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilishda ko‘proq imkoniyatlar yaratishga mo‘ljallangan printsipial o‘zgarishlar ro‘yobga chiqariladi.
Qaror oliy ta’lim muassasalarining mustaqil ijtimoiy siyosatini belgilash va amalga oshirish asnosida o‘z nufuzini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Masalan, iqtidorli, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larni to‘lash muddatlari tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra shartnoma asosida qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beradi.

Bozor iqtisodiyotiga muntazam instituttsional o‘zgarishlar davri sifatida qarash joiz. Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun dolzarb sohalarni rivojlantirish maqsadida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga qabul kvotalarini mustaqil belgilash, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining o‘quv rejalarida fanlar soni va fanlarning o‘quv dasturlarini kadrlar iste’molchisi talablaridan kelib chiqqan holda shakllantirish yangilanuvchan bozor munosabatlariga moslashish jarayoniga xizmat qiladi.

Toshkent temir yo‘l muxandislari instituti ham 2020 yil 1 yanvardan boshlab, tajriba – sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim mussasasi sifatida qarorda belgilangan vazifalarga daxldor.

Abdulaziz Gulamov
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor