Fikrni dadil ayting! 2020 yildan Siz nimalar kutayapsiz?

Bu yorug‘ olamda hayot paydo bo‘libdiki, inson o‘z uyida tinch-totuv, ahil-inoq yashashga, o‘zidan ezgu amallar, yaxshi xotira qoldirishga intiladi, bir umr shu niyat yo‘lida harakat qiladi, shu orzu bilan yashaydi.

Dunyoda shunday qudratli davlatlar borki, behisob tabiiy boyliklari hisobiga kundalik hayotda, turish-turmushda qiyinchilik, etishmovchilik, muhtojlik nimaligini bilishmaydi. Qo‘llarini qaerga uzatsa etadi. Ammo chinakam rohat-farog‘atga birgina boylik bilan erishib bo‘lmaydi. Hayotda inson qalbi, ma’naviy-ruhiy olami, imon-e’tiqod, insof-diyonat, mehr-muruvvat degan tushunchalar ham borki, ular oldida behisob kuch-qudrat, boylik ham kezi kelganda ojiz qoladi. Insonning jamiki muammolarini beminnat hal qiladigan yagona kuch uning tarbiyasi, odob-axloqi, vijdoni, or-nomusi, tarixiy xotirasi, o‘tmish ajdodlar merosidan bahramandligi, aql-zakovati, fahm-farosati va yana boshqa ko‘p fazilatlari jamlamasi bo‘lmish ma’naviyatdir.

Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar ijtimoiy-siyosiy hayotda yangi-yangi muammolarni ham yuzaga chiqarmoqda. Ma’naviyat targ‘ibotchilari ayni shu holatga alohida e’tibor berishlari, jamiyat hayotida ijtimoiy adolatni qaror toptirishdek ulug‘ maqsad yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarida istiqlol yillarida tug‘ilib voyaga etgan, dunyoqarashi shakllangan, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yigit-qizlarning to‘laqonli hamroh bo‘lishlariga erishishlari zarur. Ular bilan birgalikda ishlash, hamfikr, hammaslahat bo‘lish, taklif va tashabbuslariga, tanqidiy mushohadalariga jiddiy e’tibor berishlari shart.

2020 yilda institut ma’naviy hayotining yo‘nalishlarini aniqlash, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning tarbiya tizimidagi vakolat va vazifalarini qayta ko‘rib chiqish, ma’naviyat targ‘ibotchining asosiy vazifalarini belgilab olish maqsadida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Dilshod Baratov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda o‘nlab dolzarb masalalar muhokama qilindi. Talabalarning murabbiylar faoliyatidan qoniqmayotganligi, institutda axborot almashinuvining sustligi, jamoat birlashmalarining tadbirbozlikdan bo‘shamayotganligi, talabalar turar joylarida ma’muriy tizimning mavjudligi, sport to‘garaklarining faqat borligi, tarbiya sohasiga ko‘mak beruvchi hamkor kafedra professor-o‘qituvchilarining tahliliy munosabatining taqchilligi, jamoat nazoratining mutloq yo‘qligi va xakozo masalalar tahlil qilindi.

Prorektor Dilshod Baratov tomonidan tanlovlar, grantlar, ijodiy ishlar talabalar e’tiboriga etkazilmayotganligi, tadbirlarni tashkil etishda standart yondoshuv shakllanib qolganligi, talabalarning yangi loyiha va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi kamchiliklar qattiq tanqid ostiga olindi.

Talabalik – oltin davr. Bu davrning qiymatini ma’naviyat targ‘ibotchilarining ishi, salohiyati, imkoniyatlari va fidoyiligi belgilaydi, -dedi Dilshod Baratov. – Katta ishonch va umid bilan o‘qishni boshlagan talabalarga shunday rag‘bat berishimiz kerakki, bu rag‘bat talabalik hayotida yuzaga kelayotgan muammolarni yengishida xizmat qilishi zarur.

Qush uyasida ko‘rganini qiladi deganlaridek, oilada ota-onalarning o‘zaro munosabatlari, bolalarga mehri, so‘z va amal uyg‘unligi farzandlar dunyoqarashida o‘z aksini topadi. Ota-onaning har bir hatti-harakati, turmush tarzi, foydali mehnat bilan bandligi va yana o‘z so‘zida sobitligi bola qalbiga muhrlanib boradi, degan iboradan chekinish zarurligi yig‘ilishda qayta-qayta ta’kidlandi. Yoshlarni shaxsiy ibrat va namunamiz bilan tarbiyalash zarurligi, o‘qituvchilarning o‘zlari amal qilmaydigan narsalarni talabalardan talab qilishlari hamisha ham samara bermasligi, e’tirof etildi.

Birgina talabalarning kiyinish madaniyatini nazorat qilishda dekanat, murabbiy va o‘qituvchi o‘rtasidagi sansalorlikka yo‘l qo‘yilayotganligini nima deb baholash mumkin?

Yig‘ilishda ma’naviy tarbiya mavzusida tadbirlar o‘tkazishdan foyda yo‘q, degan fikr doirasida munozara yakun topmadi. Bunday tadbirlar ko‘p hollarda yuzaki, zerikarli ma’ruzalardan iboratligi bildirildi. Shuningdek, murabbiylarga ustama belgilash, jamoat tashkilotlarining yillik rejalarini tasdiqlash va boshqa ko‘plab masalalar ochiq qoldi. Yakuniy xulosa va qaror uchun imkoniyat berildi.

P.S.: Hurmatli institut jamoasi, yuqoridagi barcha masalalarda o‘z munosabatingizni bildirish istagi bo‘lsa Sizlarni 14 yanvar soat 17:30 da Ilmiy kengashlar zalida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishga taklif etilasiz. Qaysi lavozimda ishlashingiz emas, fikrlaringiz muhim. Talabaning qaysi bosqichdan ekanligidan ko‘ra, mulohazasining darajasi ahamiyatliroq. Barchani kutamiz…

Dilshod Rahmatov, institut matbuot kotibi.