Mirobod tumani yoshlari tinglandi

Bugun Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri Tohir Mullajonov bilan Mirobod tuman yoshlarining uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuvda shuningdek Mirobod tuman Xokimiyati vakillari va tuman tarkibiy tuzilma rahbarlari ishtirok etdi.


Dastavval uchrashuvga kelgan yoshlarga Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri Tohir Mullajonov 2019 yilning 27 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi. Yoshlar orasida “Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!” deb ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Etakchilikning, o‘z ortidan ergashtirishning eng to‘g‘ri yo‘li shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir, degan so‘zlarini eslatib o‘tdi.


So‘zga chiqqanlar yoshlarga oid davlat siyosati asosida navqiron avlodning zamonaviy bilim olishi, sport va boshqa yo‘nalishlarda iste’dodini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin topishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning samaralari haqida qisqacha to‘xtaldi.


Samimiy va oshkora ruhda o‘tgan tadbirda Mirobod tumanidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi a’zolari, o‘quvchilar, yosh tadbirkorlar, Temurbek maktabi kursantlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri Tohir Mullajonovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildi. Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan og‘zaki murojaatlar qanoatlantirildi. Atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan masalalarni hal etish yuzasidan tuman yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Xokim o‘rinbosari hamda vakolatli idoralarga topshiriqlar berildi.


Uchrashuvdan so‘ng yoshlarning o‘ta shaxsiy murojaatlari yuzasidan alohida suxbatlar tashkil etildi.

Axborot xizmati