“Biz xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshimiz”

12 dekabr kuni USAID Xalqaro tashkilotining gender masalalari bo‘yicha mutaxassisi Malika Inakova ishtirokida “Biz xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshimiz” mavzusida davra suxbati o‘tkazildi.


Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti hamda institut xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari dasturi hamkorligida “Biz xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshimiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda USAID Xalqaro tashkilotining gender masalalari bo‘yicha mutaxassisi Malika Inakova ishtirok etdi.


Xalqaro miqyosda, har yili 25 noyabr – “Butunjahon ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” deb e’lon qilingan. Mazkur kunni nishonlash doirasida, 25 noyabrdan 10 dekabrga qadar “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha 16 kun faollik” o‘tkazilib, jahon hamjamiyati e’tibori ayollarga bo‘lgan tazyiq va zo‘ravonliklarga qarshi kurashishga qaratiladi.


— Bu yil mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida tarixiy Qonunlar qabul qilindi. “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” va “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» gi Qonunlar shular jumlasidandir. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonda ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini xalqaro miqyosda ham tan olinishiga sabab bo‘layapti, — deydi Malika Inakova o‘z ma’ruzasida.


Tadbir davomida yangi qonunlar bo‘yicha qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Axborot xizmati