Konstitutsiya kuniga bag’ishlangan tantanali yig’ilish o’tkazildi

Instituti faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.


Unda institut professor-o‘qituvchilari, ishchi-xizmatchilar, talabalar va institut faxriy o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Konstitutsiyamizning bu yilgi bayrami Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi keng ko‘lamdagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy – ma’rifiy islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotgan bir davrda nishonlanmoqda.
Tadbir Davlatimiz madhiyasi bilan boshlandi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Dilshod Baratov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.
– O‘tgan 27 yil davomida mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatdan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, albatta, – deya ta’kidladi institut prorektori Dilshod Baratov. – Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning o‘zi o‘rtaga qo‘yadigan dolzarb muammolarni yechish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Fursatdan foydalanib, barchani Konstitutsiyamizning qutlug‘ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman!
Shundan so‘ng, alohida yutuqlarga erishgan jamoa a’zolaridan bir guruhiga faxriy yorliqlar topshirildi.
Institut “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti faollari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi tadbirga yakun yasadi.

Axborot xizmati.