ToshTYMI talabasi “Temiryo‘lchi kitobxon -2019” tanlovi g‘olibi deb topildi

Kuni kecha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ yetakchilar Kengashi tashabbusi bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida yosh temiryo‘lchilar o‘rtasida “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.


Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarda tashkil etilgan “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovi saralash bosqichining 7 nafar g‘oliblari qatnashdi.
Aksiyadorlik jamiyati tizimida 2019 yil Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda yosh temiryo‘lchilar o‘rtasida kitob mutoalasi, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida Boshqaruv raisining “Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish to‘g‘risida”gi 2019 yil 29 mart 326-N-sonli buyrug‘i asosida “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi temir yo‘l tizimi tasarrufidagi barcha tarkibiy tuzilmalarda tashkil etildi.
Mazkur buyruq asosida temir yo‘l transporti tizimida faoliyat yuritayotgan yosh temiryo‘lchilar o‘rtasida aprel-oktabr oylariga qadar tanlovning saralash bosqichi o‘tkazildi. Ahamiyatli jihati, bu yilda ishtirokchilar soni ortish barobarida o‘quvchilarning saviyasi ham oshganligi kuzatildi.
Tanlovning yakuniy bosqichida “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Qarshi lokomotiv deposi ko‘rsatkichlar bo‘yicha muhandisi Javohir Elchiev, “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Qo‘ng‘irot aloqa va signallashtirish masofasi Qirq-qiz elektromontyori Ulug‘bek Orazbaev, “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Termiz lokomotiv deposi texnik bo‘lim muhandisi Ozoda Norbaeva, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabasi A’zamjon Umaraliev, Qo‘qon temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Gulnoraxon Umrzoqova, Samarqand temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Suxrob Toshmatovlar bahslashdi.
Tanlov ishtirokchilar ma’naviy-ma’rifiy kitoblar bilimdoni, badiiy kitoblar bilimdoni, adiblar hayoti va erkin mavzu shartlari bo‘yicha bellashdilar.
Tanlov xay’ati xulosasiga ko‘ra Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabasi Umaraliev A’zamjon Abdumajid o‘g‘li mutloq g‘olib deb topildi. Tanlov g‘olibi A’zamjon Umaraliev tanlov statuetkasi bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Ikkinchi o‘rinni Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Termiz lokomotiv deposi texnik bo‘lim muhandisi Norbaeva Ozoda Alisherovna, uchinchi o‘rinni “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Qarshi lokomotiv deposi ko‘rsatkichlar bo‘yicha muhandisi Elchiev Javohir Jo‘ra o‘g‘li qo‘lga kiritdi.
Qolgan ishtirokchilar ham «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.
Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ etakchilar Kengashi raisi o‘rinbosari Oqiljon Sadriddinov, O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti ijrochi direktori Dilafro‘z Karimova, Temir yo‘l ilmiy-texnik kutubxonasi direktori Muxarram Kayumova, taniqli shoira, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi a’zosi Sanobar Faxriddinova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘quv metodika va harbiy vatanparvarlik bo‘limi etakchi mutaxassisi Alisher Boymurodovlar hakamlar hay’ati sifatida ishtirokchilarni adolatli baholab borishdi.

Institut jamoasi A’zamjon Umaralievni navbatdagi g‘alaba bilan qutlaydi!

Axborot xizmati