Taniqli kosmik tadqiqotchi Dilmurod Azimov ma’ruza o‘qidi

26-noyabr kuni «Oliy matematika» kafedrasi tashabbusi bilan Gavayi universiteti professori, texnika fanlari doktori, «NASA» xalqaro aero-kosmik agentligi ilmiy loyihalari rahbari Dilmurod Azimov Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabalari bilan uchrashdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonlik yoshlarga mexanikaning dolzarb masalalari, kosmik apparatlar, kichik sun’iy yo‘ldoshlar, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar), robot va manipulyator moslamalarning harakatini modellashtirish masalalari yuzasidan fikr almashishga qaratildi.
Olim va mohir kosmik tadqiqotchi Dilmurod Azimov Prezident Shavkat Mirziyoev ko‘rsatmasiga muvofiq tashkil etilgan «Dronlarni loyihalash va ekspluatatsiya qilish» ta’lim yo‘nalishi talabalari va ularning o‘qituvchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek olim ishtirokida ochiq ma’ruza tashkil etildi. Unda boshqariluvchi sistemalarni fazoga yo‘llash muammolari, navigatsiya va boshqarish  kabi masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekistonda kosmos sanoati, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirishda yoshlarning roliga to‘xtalib, bu sohada tajriba-izlanish salohiyati, etarli intellektual resurslarni shakllantirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Bugun, 27-noyabr kuni soat 16-30 da 302-auditoriyada olim Dilmurod Azimov o‘z ma’ruzasini davom ettiradi.

Manba: Axborot xizmati