Talabalarning yangi jamoaga moslashishi: muammolar va yechimlar

O‘tayotgan hafta davomida TTE va TL fakulteti murabbiylar kengashi tashabbusi bilan institut psixologi Ra’no Baratova ko‘magida fakultet I-bosqich talabalarini o‘qish jarayoniga adaptatsiyasi, ularning ta’lim olishga bo‘lgan rag‘bati va umumiy ijtimoiy muammolarini o‘rganish maqsadida “psixologik test” o‘tkazildi.

Birinchi kurs talabalari boshqa talabalarga nisbatan ijtimoiy va psixologik hususiyatiga ko‘ra boshqalar ta’siriga beriluvchan sanaladi. Ayniqsa, amaliy tajribaning yetishmasligi sababli institutga ilk marta kirib kelganda murakkab holatlarga uchraydi.

Masalan, vahima, uyalish, qo‘rquv, kuchli hayajonlanish, o‘z-o‘ziga ishonmaslik, o‘z imkoniyatlari doirasini anglab yetmaslik, ishonchsizlik, muomala madaniyati, o‘zini tuta bilish, eshitish, hozirjavoblik, kiyinish madaniyati, ilojsizlik bilan to‘qnashuv holatlari. Shuningdek, ota-onasidan uzoqdaligi, yangi hududlarga joylashish jarayoni ham navbatdagi murakkablikni keltirib chiqaradi.

1-kurs talabalarining hayotida barcha narsalar o‘zgaradi. Talabalik davrida o‘qish, vazifalar, imtihonlarda yaxshi natijalar ko‘rsatish mas’uliyati bilan bir qatorda, kun tartibi, muloqot doirasining o‘zgarishi va hokazolar. Tabiiyki, bu holat yosh talabalar uchun sezilarli darajada jiddiy sinov, ayrim hollarda hatto ruhiy zarbadir.

Bu ruhiy vaziyatlarda ko‘mak berish, yaqinlashib kelayotgan imtixonlarga psixologik tayyorlash va induvidial muammolarini o‘rganish maqsadida fakultet 1-bosqich talabalari miqyosida psixologik testlar o‘tkazildi. Testlarni tuzish va o‘tkazishda Artur Rean va Valeriy Yakunin usullaridan foydalanildi.

Test savollarni tuzishda talabaning kommunikativ jihatlarini rivojlanganlik darajasi, muammolardan chiqa olishga, yuksaklikka erishishga, o‘z ustida ishlashga moyilliklari, ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq holatlar, o‘z kasbiga qiziqishi, bilim olishga hoxishi, diplom olish istagi motivlarini o‘rganishga e’tibor qaratildi.

Test natijalari belgilangan shkalalar asosida o‘rganilib chiqildi. Shakllangan xulosalar gurux murabbiylariga taqdim etildi. Muammoli talabalarga ko‘mak berish masalalariga e’tibor qaratildi. Fakultet murabbiylar kengashi keyingi faoliyatidagi vazifalar belgilab olindi.

TTE va TL fakulteti murabbiylar kengashi rahbari Gamzat Bekbaev