Tahdidlarga nisbatan mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish – ma’naviy xavfsizlikning ishonchli vositasi sifatida

22-noyabr kuni institut Xotin-qizlar qo‘mitasi «Yoshlarni internetdagi radikal diniy g’oyalar ta’siridan asrash» mavzusida ma’naviy-marifiy tadbir o‘tkazdi. Tadbirda ayrim yoshlar ichki va tashqi tahdidlarni tanimasligi haqida so‘z bordi.

Tahdidlarni tanimaslik yoki uning oqibatidan ogoh bo‘lmaslik ularni aynan shu tahdidlarga og‘ishishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yoshlarnii tahdidlarni tanimasligi, bilmasligi, aynan o‘sha tahdidlarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllanmaganligini ham izohlaydi. Bugun yoshlar hayotini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayrim axborotlar yoshlarni kelajagini ta’minlashga qaratilmaganligi bor gap. Talabalar bilan ochiq suxbat shaklida tashkil etilgan tadbirda axborotlarni saralash masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o’rganish axborot-tahlili markazi bosh mutaxassisi Bahodir Daminov va boshqalar diniy ekstremistik kuchlarning asl maqsadi islom dinini niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli niyatlarini amalga oshirayotganini aniq fakt va raqamlar bilan batafsil tushuntirib berdi. Jahonda ro‘y berayotgan g‘oyaviy jarayonlar, mavjud mafkura shakllari, ularning mohiyati, maqsadlari va o‘zaro munosabatlari bilan bog‘liq holat va xususiyatlari haqida to’xtaldi.


– Inson radikal bo‘lib tug‘ilmaydi, u radikallashadi yoki radikallashtiriladi. Radikallashuv esa bir zumda bo‘lmaydi, balki bosqichma-bosqich amalga oshadi. Radikallik muayyan g‘oya, fikrning mutlaq haqiqatligi, o‘zgarmasligiga beshak ishonishdir. Beshak ishonch uni qabul qilmaganlarga nisbatan nafrat hissini ergashtirib keladi, – deydi institut Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Abduvohid Sotvoldiev. – Asossiz axborotlar ta’sirida salbiy munosabatlar shakllanishi oldini olish, yurtimizda bo‘layotgan islohotlarda yoshlarning rolini yanada kuchaytirish zarur.


Tadbirda Islom dini azaldan ilm-ma`rifat, tafakkur, aql-idrok dini bo`lib kelganligi xususida ma’lumotlar berildi. Muqaddas Kur`oni karimda ham ilmga da`vat qiluvchi o`nlab oyati karimalar uchrashligi misollarda tushuntirildi.

– Mamlakatimiz aholisining barcha qatlamini, ayniqsa, yoshlarni diniy ekstremistik kuchlarning ta’siriga tushib qolishdan asrashimiz lozim, – deydi DXX xodimi Jaxongir Mengniyazov. – Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lishi, millatlararo do‘stlik, birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shish barchamizning sharafli burchimizdir.

O‘tkazilgan tadbir turli munozarali savollarga yechim topishga, muammoli asalalarga oydinlik kiritishga xizmat qildi.

Qo‘mita faoli Muhabbat Qurbonova