Kitob buyuk kelajagimiz kafolatidir

12 noyabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Iqtisodiyot fakulteti talabalari o‘rtasida Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun”, Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlari bo‘yicha “Kitob buyuk kelajagimiz kafolatidir” mavzusida tadbir o‘tkazildi.


Kitob-beminnat tarbiyachidir. Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishi o‘qituvchilar uchun, talaba yoshlar bilan ishlash imkoniyatini kengaytirdi.


Darhaqiqat, bugungi kunda yoshlar qo‘lida badiiy asar bilan katta bo‘lishyapti. Badiiy asar o‘qigan bolaning xulq-atvori, yurish-turishi, odamlarga munosabati ijobiylashadi. Ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchining yozma savodxonligi oshib boradi. Yozma savodxonligi bor bo‘lgan talaba keyinchalik fanda yangilik yaratsa, uni qog‘ozga tushira oladi. Qog‘ozga tushirilgan ilm esa, jamiyat, xalqlar taraqqiyotiga uzoq yillar xizmat qiladi.


Talaba yoshlar dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shgan bobolarimizdan biri Zahiriddin Muhammad Boburning dini, milliy qadriyatlari, iqlimi o‘zga bo‘lgan davlatda ham olib borgan oqilona va odilona siyosatidan faxr tuydilar. Turkistonning kechasi haqidagi “Kecha va kunduz” romanini tahlil qilib, o‘z ezgu so‘zi va ezgu yo‘liga ega Vatanimizning qadrini yana bir bor his qildilar. “Asrni qaritgan kun” romanini tahlil qilib manqurtlik bugungi kunda insoniyatning global muammolaridan biri ekanligini, inson o‘z xatolarini vaqtida tan olishi va to‘g‘irlashi zarurligini, bu odamzotning mas’uliyatli burchi ekanligini qayd etdilar.


Tadbirda MN-55 guruhi talabasi Alisher Nasrullaev, MR-2 guruhi talabalari Muxlisa Eshquvatova, O.Asadullaev, M.Sherbabaevalar faol qatnashdi.
Tadbir “Tillar” kafedrasi o‘qituvchilari filologiya fanlari nomzodi Oygul Iskandarova, assisentlar Ma’mura Yo‘ldosheva, Latofat Xalikovalar tomonidan tashkil etildi. Shuningdek, tadbirni uyushtirishda fakultetning ma’naviy – ma’rifiy ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Arslon Jalilov, fakultet murabbiylar kengashi raisi Nilufar Babaxonovalar amaliy yordam berishdi. Tadbir yakunida kitobxonlikka bag‘ishlangan bu kabi kechalarni institut miqyosida o‘tkazishga qaror qilindi.
Chunki kitobxonlik – buyuk kelajagimiz kafolatidir.

Manba: «Tillar» kafedrasi axboroti