Qizlar sirlashdi…

11 noyabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining talaba-qizlar turar joyida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida O’zbekiston Xotin qizlar qo’mitasi bosh mutaxassisi, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Guljamol Asqarova ishtirokida davra suxbati tashkil etildi.

Tarbiyachi-pedagog Gulsanam Tilavbaeva suxbatni olib bordi.
Shu o‘rinda, Prezident Qarori bilan talabalar turar joyi uchun tarbiyachi-pedagog shtati joriy qilinganligining zaruriyati va ahamiyatini Gulsanam opa faoliyatida ko‘rish mumkin.


Institutda ta’lim olib, talabalar turar joylarida yashayotgan qizlarning maslakdoshi va ko‘makchisi sanalgan Gulsanam opa yotoqxonada tarbiyaviy ishlarni tizimli tashkil qilib kelmoqda.
Talabalik davrining qizlar hayotidagi o‘rni, ularning kelajakda sog‘lom, mehnatsevar, dono, irodali va hayotda uchraydigan turli qiyinchiliklarni engib o‘ta oladigan bo‘lib ota-onasining bag‘riga qaytishida Gulsanam Tilavbaevaning o‘g‘itlari ahamiyatlidir. Ayniqsa, ilk bor oliy o‘quv yurti ostonasiga qadam qo‘ygan qizlarning yangi joy, yangi tanishlar, yangi muhitga moslashishida birinchi sirdoshi Gulsanam opadan maslak olishi bejiz emas.

Xullas, Gulsanam Tilavbaevaning taklifi bilan talaba-qizlarimiz davrasiga tashrif buyurgan Davlat mukofoti sohibi Guljamol Asqarova dastlab sarishtalik va saranjomlik xususida sirlashdi.
Davra mehmoni Guljamol Asqarova yurtimizda ayollarga berilayotgan beqiyos e’tibor va hurmat qizlarni hamisha astoydil mehnat qilishga, bilim olishga undashi kerakligini uqtirdi.


Yigitlarimiz g‘ururi va qizlarimizning ibosi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq hodisaligini tarixiy shaxslar misolida yoritib berdi.
Suxbat mushoiraga ulanib ketdi. Talaba-qizlar shoira Guljamol Asqarova va o‘zbek shoiralarining ijodidan yodlagan she’rlarini namunali o‘qib berdilar. Kuylar va raqslar qizlar davrasining bezagiga aylandi.

Talabalar turar joyi qizlari mazmunli davra suxbati uchun Gulsanam Tilavbaeva va Guljamol Asqarovalarga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.

Nazira Olimova