Ta’limdagi korrupsiya — eng oliy jinoyat

Bugun Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talaba-yoshlari va professor-o‘qituvchilari o‘rtasida “Ta’limdagi korrupsiya — eng oliy jinoyat” mavzusida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, ta’lim taraqqiyotiga raxna solayotgan korrupsiya illatining ayanchli oqibatlariga e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori katta yordamchisi Tolibjon Karimov mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish borasida davlatimiz rahbari rahnamoligida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori yordamchisi Alisher Majidov korrupsiya ko‘rinishidagi qonunbuzarliklarga barham berish uchun, birinchi galda, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini, qolaversa, korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini kuchaytirish asosiy mezonlardan biri ekanligiga to‘xtalib o‘tdi. Notiq o‘z so‘zida mazkur jinoyatni oldini olishda hamkorlik zarurligini uqtirdi.


Transport xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori Ulug‘bek Samandarov, aksariyat hollarda pora berish tashabbusi aynan fuqarolarning o‘zidan chiqayotganligini misollarda ko‘rsatib berdi. Jamiyatni halol va korrupsiyadan xoli hududga aylantirishga barcha birdek mas’ul hamda poraxo‘r kimsalarga qarshi kurashishda talabalarning harakati asosiy kuchga ega bo‘lishini anglab etish shartligini, qayd etdi.


– Hozirgi kunda barchani tashvishga solayotgan muammoning yechimlariga bag‘ishlangan ushbu tadbir menda katta taassurot qoldirdi, – deydi TF-315 gurux talabasi Shahzod Sultonov. – Zero, insoniyat farovonligiga g‘ov bo‘layotgan bu illatga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligini yanada teranroq anglab yetdim.
Tadbir so‘ngida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar javob berishdi.

Manba: Axborot xizmati